Prezident Shavkat Mirziyoyev «Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Farmonda hududlarda mavjud sanoat salohiyatidan, ayniqsa, qurilish industriyasini rivojlantirishda noruda minerallarning xomashyo bazasini o‘zlashtirish imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmayotgani qayd etilgan. Xususan, keramzit, silikat qumi, shisha xomashyosi, qurilish va qoplama toshlarga ega o‘rganilgan konlarning yarmidan ko‘pi o‘zlashtirilmay qolmoqda. Natijada, sanitariya-texnik vositalar bo‘yicha mahalliy ishlab chiqarish ichki bozorning faqatgina 40 foizini, gazbeton bloklar – 51 foizini, lok-bo‘yoq mahsulotlari – 65 foizini, qurilish oynalari – 70 foizini, devor gulqog‘ozlari – 30 foizini tashkil etmoqda.

Elektrotexnika, to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat, farmatsevtika, zargarlik buyumlari, qog‘oz sanoati, qurilish materiallari, mebel, uy-ro‘zg‘or buyumlari ishlab chiqarish va boshqa mahalliy sanoat tarmoqlarini jadal rivojlantirishga ko‘maklashuvchi yaxlit tizimni yaratish, shuningdek, hududlarning sanoat salohiyatini oshirish maqsadida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga mahalliy sanoatni jadal rivojlantirishni ta'minlash bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatiladi:

  • mavjud tabiiy va iqtisodiy resurslarni jalb qilish, tumanlar (shaharlar) salohiyatini ishga solish va ularning nisbiy ustunliklaridan foydalanish asosida mahalliy sanoatni rivojlantirish «drayverlari» bo‘lgan tarmoqlarni aniqlash;
  • tarmoqlarning ichki va tarmoqlararo kooperatsiya aloqalarini kengaytirish va chuqurlashtirish, korxonalarni global ishlab chiqarish zanjirlariga jalb qilish va ishlab chiqarilgan mahsulotlarni uchinchi davlatlarga hamkorlikda eksport qilishni yo‘lga qo‘yish;
  • sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ta'minlaydigan xususiy va xorijiy investitsiyalar hamda zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish uchun shart-sharoitlar yaratish;
  • «qo‘shimcha qiymat zanjirlari»ni kengaytirish, ishlab chiqarish tannarxi va xarajatlarini kamaytirish, tayyor mahsulotlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish;
  • kichik sanoat va maxsus iqtisodiy zonalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish va faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • zamonaviy tendensiyalarni hisobga olgan holda mahalliy sanoat korxonalari uchun professional kadrlar tayyorlash, trening dasturlaridan keng foydalanish;
  • tarmoqlar va hududlarning sanoat salohiyatini oshirish maqsadida tartibga solish muhiti va standartlarni takomillashtirish.