Kun.uz ixtiyoriga O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasidan (EOAVMA) vazirliklar, yirik tashkilotlar va aksiyadorlik jamiyatlariga yuborilgan xat nusxasi kelib tushdi.

Unda assotsiatsiya tomonidan «Yangi O‘zbekiston, Yangi nigoh» milliy media dasturi ishlab chiqilayotgani, mediadasturda 60dan oshiq media loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgani haqida so‘z boradi.

-X6HZsh5dt7v6b8oBvVliDRxNGReCyXA.jpg (927×1178)

Har bir vazirlik, yirik aksiyadorlik jamiyatlariga mediadastur yaratish bo‘yicha takliflar bildirilib, taklif yuborilayotgan idoraning har biriga alohida raqamda 1 milliarddan 5 milliard so‘mgacha qiymat ifodalangan shartnomani imzolash hamda ushbu mablag‘larni EOAVMA hisob raqamiga o‘tkazishda amaliy yordam ko‘rsatish so‘ralgan.

Xatga taklif etiladigan mediakontent rejasi emas, balki to‘lovni amalga oshirish uchun shartnoma ilova qilingan.

Ta'kidlanishicha, EOAVMA uyushmaga a'zo OAVlarda vazirlik (tashkilot) faoliyatiga doir lavhalar, intervyular, tahliliy materiallar, ko‘rsatuvlar va reportajlar tayyorlanishi, shuningdek, «Yangilanayotgan O‘zbekiston» g‘oyasini ham o‘zida mujassam etgan mediamahsulotlar tayyorlanib, efirga uzatilishini tashkil etadi.

Kun.uz o‘rganishida ma'lum bo‘lishicha, assotsiatsiya xati vazirliklar, yirik tashkilotlar axborot xizmatlari rahbarlari orasida muhokamalarga sabab bo‘lgan. Ular xatni ijro etish majburiy yoki majburiy emasligiga oydinlik kiritishga uringan.

Bunga sabab – bosh vazir o‘rinbosari tomonidan (bosh vazirning aynan qaysi o‘rinbosari ekani Kun.uz'ga ma'lum) yig‘ilish o‘tkazilib, shartnomani rad etish mumkin emasligi aytilgan.

Biroq, avvaliga milliardlar emas, balki birmuncha kamtarona raqamlar, ya'ni 300-400 mln so‘mlik shartnomalar haqida so‘z borgan. Keyinchalik, yakuniy taklif xati bilan birga eng kami 1 mlrd so‘mdan boshlanuvchi turlicha summalardagi shartnomalar yuborilgan.