Shanba kuni Ozarboyjon TIV va Armaniston hukumati rahbari Nikol Pashinyan almashuv haqida e'lon qildi.

«2021 yil 12 iyun kuni Armaniston tomoni Agdam tumanida o‘rnatilgan piyodalar va tanklarga qarshi 97000 dona minalar xaritasi evaziga ozar-gruzin chegarasida Gruziya guvohligida Armanistonga 15 nafar armanistonlik topshirildi», deyiladi Ozarboyjon tashqi ishlar vazirligi xabarida.

Ozarboyjon TIV vositachilik uchun Gruziya hukumati va bosh vazir Irakliy Garibashviliga minnatdorchilik bildirgan, shuningdek, bayonotda AQSh Davlat kotibining Yevropa va Yevroosiyo ishlar bo‘yicha yordamchisi Filip Rikerning, Entoni Blinkenning, Yevropa Ittifoqi hamda YeXHT rahbariyatining xizmatlari e'tirof etilgan.

Nikol Pashinyan shanba kungi bayonotida ikki kun muqaddam Filip Riker bilan uchrashgani, u davlat kotibi Blinken unga asirlarni qaytarish masalasida yutuqqa erishilishini ta'minlash bo‘yicha topshiriq berganini aytgani haqida qayd etgan.

Gruziya orqali qaytarish
«Bugun Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvili, shuningdek Yevropa Ittifoqidagi hamkorlarimizning sa'y-harakatlari bilan, asirlikdagi 15 odamimiz Armanistonga qaytarildi - ular Ozarboyjondan Gruziyaga Qizil ko‘prik orqali o‘tishdi, keyin Bagratashen orqali Armanistonga», - deya Pashinyandan iqtibos keltirgan «AMI Novosti-Armeniya» agentligi.

Pashinyanning so‘zlariga ko‘ra, qaytarilgan asirlardan to‘rt nafari yaqinda chegaradagi hodisa vaqtida asirga olingan 6 kishilik guruhdan, yana bir necha kishi urush tugagach Tog‘li Qorabog‘ janubida qo‘lga tushgan bir necha o‘n kishilik guruh tarkibidan, qolganlar o‘tgan yil sentbyar-noyabr oylarida olib borilgan harbiy harakatlar davomida asir olinganlar.

Armanistonlik olti harbiy Ozarboyjon chegarasida asirga olindi

Entoni Blinken tvitterdagi sahifasida 15 nafar arman asiri ozod qilinganini olqishlagan va Gruziya hukumatiga muzokaralardagi vositachilik uchun minnatdorchilik bildirgan.

Asirlarning qaytarilishini YeXHT raisi Anna Linde ham tvitterdagi sahifasi orqali olqishlagan.

Ikkinchi Qorabog‘ urushidan keyingi yetti oy mobaynida Armaniston Ozarboyjonni asirlarni qaytarmaslikda, Ozarboyjon esa Armanistonni Ozarboyjon nazoratiga o‘tgan hududlarda joylashtirilgan minalar xaritasini topshirmaslikda ayblab keladi.