Sotib olingan mahsulotlarda kamchilik mavjudligi sabab, ayrim holatlarda esa keyinchalik boshqa iste'mol xossalari mos kelmaganda (o‘lchami biroz mos kelmasligi yoki rangi yoqmasligi) ularni almashtirish uchun sotuvchiga murojaat qilamiz. Ba'zi savdo obektlaridagi «Sotilgan tovarlar qaytarib olinmaydi» qabilidagi yozuvlar yoki sotuvchilarning tovarlarni qaytib olishni rad etishi qanchalik qonunchilikka to‘g‘ri keladi?
Tasavvur qiling, bozordan yoki qaysidir do‘kondan o‘zingiz yoki uydagi farzandingiz uchun oyoq kiyim xarid qildingiz. Lekin oyoq kiyim o‘lchami to‘g‘ri kelmadi yoki rangi sizga ma'qul kelmayapti. Sotib olgan joyingizga qaytib kelganingizda, shunchaki yoki «Sotilgan tovarlar qaytarib olinmaydi», degan yozuv ko‘rsatilib, sizning talablaringiz qanoatlantirilmayapti.
Yoki aytaylik o‘zingiz uchun ko‘ylak sotib oldingiz. Uni uyda qayta kiyib ko‘rilganda sifatsizligidan matosi ham, tikilishi ham narxiga to‘g‘ri kelmasligi ma'lum bo‘ldi. Yoki sotuvchi tomonidan «yuvib-yuvib kiyasiz, hech narsa qilmaydi, bu falon firmaniki… » deb qo‘lingizga tutqazilgan qimmatbaho ust-bosh ham bir yuvilganda rangi chiqib, choklari so‘kilib, kirishib ketib, yaroqsiz holga kelib qolsa-chi? Bunda iste'molchilar qanday yo‘l tutishi kerak?
Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining ma'lum qilishicha, savdo sohasiga oid tahlil qilingan murojaatlarning 33 foizini sifatsiz tovarlarni qaytarish va almashtirish bilan bog‘liq holatlar tashkil etadi.
Vazirlar Mahkamasining 75-sonli qarorida belgilanishicha, chakana savdo qoidalarida zarur sifatdagi, qaytarib olinmaydigan yoki shunga o‘xshash tovarga almashtirilmaydigan nooziq-ovqat tovarlari ro‘yxatiga kiyim-kechaklar kiritilmagan. Uni mavjud tartib-qoidalar asosida belgilangan muddatda sifatlisiga almashtirib olish huquqiga egasiz.
Sifatli mahsulotlar ham almashtirilishi mumkinmi?
«Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 18-moddasida fuqarolar maqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini xarid qilgan kunidan e'tiboran 10 kun ichida ushbu tovar sotib olingan joydagi sotuvchidan uni ayni shunday tovarga almashtirib olishga, bunday tovar sotuvda bo‘lmasa, pulini qaytarib olishga haqli ekani belgilab qo‘yilgan.















