Yevro-2020. B guruhi
Rossiya — Daniya — 1:4 (0:1)
Gollar: Damsgor, 38 (0:1). Poulsen, 59 (0:2). Dzyuba, 70 — penaltidan (1:2). Kristensen, 79 (1:3). Mehle, 82 (1:4).
Rossiya: Safonov, Kudryashov (Karavayev, 68), Jikiya, Mario Fernandes, Diveyev, Ozdoyev (Jyemaletdinov, 61), Zobnin, Kuzyayev (Muxin, 67), Golovin, Dzyuba, Miranchuk (Sobolev, 62).
Daniya: Shmeyxel, Ker, Vestergor, Kristensen, Mehle, Vass (Stryuger Larsen, 61), Dileyni (Yyensen, 86), Heyberg, Poulsen (Dolberg, 61), Breytueyt (Kornelius, 86), Damsgor (Nergor, 72).
Ogohlantirishlar: Kudryashov, 28. Dileyni, 57. Diveyev, 75.
Hakamlar: Tyurpen. Gringor, Dano (barchasi — Fransiya).
VAR: Letekse. Brizar, Pajyes (barchasi — Fransiya), Ernandes-Ernandes (Ispaniya).
21 iyun. Kopenhagen. «Parken» stadioni.

So‘nggi yillarda Stanislav Cherchesov boshqaruvida Rossiya termasi — raqiblar uchun «o‘qilgan kitob»ga aylanib qoldi. Jamoaning natijalari barqaror - kuchsizlar mag‘lub etiladi, kuchlilarga mag‘lub bo‘linadi, teng raqiblar bilan tenglik kuzatiladi. Bu ham Kopenhagenda ro‘y bergan voqealarni izohlaydigan faktlardan biri.

2018 yilgi jahon chempionatida Rossiya Saudiya Arabistoni va asosiy yetakchisi Muhammad Salohsiz o‘ynagan Misrni mag‘lub etgan, uchinchi turda Urugvayga mag‘lub bo‘lgan, keyin 1/8 finalda turnirda bosh murabbiysiz qatnashgan va sochilib ketgan Ispaniyani penaltilar seriyasida mag‘lub etgan, keyin chorak finalda Xorvatiyaga mag‘lub bo‘lingan.

Millatlar Ligasida Rossiya turklarni ikki bor mag‘lub etdi, ammo JCh-2018da o‘zlari kabi chorak finalda o‘ynagan Shvetsiyaga qarshi ikki o‘yinda ham g‘alaba qila olmadi (0:0 va 0:2). Yevro-2020 saralashida ham hammasi ma'lum edi — kuchsizlar mag‘lub etildi, Belgiyaga ikki o‘yin ham boy berildi va ikkinchi o‘rin. Mart oyida jahon chempionatiga saralashda Sloveniya bilan o‘yinda uch ochko, Slovakiya bilan o‘yinda nol.

Yevro-2020 guruh bosqichi ham shunga monand kechdi — ruslar nisbatan kuchliroq raqiblarga qarshi hech narsa qila olishmadi, faqat kuchsiz raqibni oson mag‘lub etishdi.

SSSR qulaganidan keyingi davrda Rossiya 15 urinishdan faqat 2tasida pley-offga chiqa olgan. Daniya esa FIFA reytingida 10-o‘rinda joylashgan jamoa. Ruslar daniyaliklarga qarshi muvaffaqiyatga erishishi uchun optimal tarkib, ideal darajadagi maxsus tayyorgarlik, o‘yin uchun to‘g‘ri reja talab etilardi. Shu bilan birga, darvozabonning qahramonliklariga umid qilib qolmaslik uchun qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ymaslik ham muhim edi.