
Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an «aql bovar qilmas» va «mening orzum» deb ta'riflagan Istanbul kanali keskin bahslarga sabab bo‘lmoqda.
Hukumat ushbu loyihani «respublika tarixidagi eng muhim loyihalardan biri» deb ta'kidlamoqda, muxolifat esa «jinoyat va xiyonat» deb ta'riflamoqda.
Shanba kuni o‘tkazilgan marosim bilan Shimoliy Marmar avtomagistrali loyihasining Bashakshehir-Bahcheshehir-Naqqosh qismi qurilishi doirasida Sazlidara o‘tish yo‘li uchun quriladigan va Istanbul kanali ostidan o‘tishi kutilayotgan ko‘prikning poydevori qo‘yildi.
Bu tadbir Istanbul kanali loyihasining poydevorini qo‘yish marosimi deb aytildi.
Ta'kidlash joizki, Istanbul kanali loyihasini moliyalashtirish va tender jarayoni bo‘yicha noaniqlik saqlanib qolmoqda. Loyihalashdan keyingi qurilish qiymati 15 milliard dollar deb hisoblangan ushbu loyiha taxminan olti yil davom etishi mumkin. Shuningdek, kanalning ustiga quriladigan oltita ko‘prik 1,4 milliard dollarga tushishi taxmin qilinmoqda.

Poydevori qo‘yilgan bino haqida nima ma'lum?
Istanbul kanalining o‘tish yo‘lida quriladigan ilk ko‘prik poydevorining qo‘yilishi mazkur loyihaning tamali ekanligi e'lon qilindi.
Ko‘prikning kengligi 46 metr, eng baland nuqtasi esa 196 metrni tashkil qiladi.
Onado‘li agentligi tomonidan e'lon qilingan xaritalarda Istanbul kanali ham ushbu ko‘prik ostidan o‘tishi aks etgan.
Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi 2020 yil iyul oyida ushbu ulanish yo‘li loyihasi bo‘yicha tanlovni yakunladi.
O‘sha paytda nashr qilingan xabarlarda Renessans Group tomonidan yutib olingan tenderning qiymati 8 milliard lirani tashkil etgani ma'lum qilingandi.
Loyiha yakunlanib, foydalanishga topshirilgandan so‘ng, undan foydalanadigan transport vositalaridan yo‘l haqi olinishi ko‘zda tutilmoqda.


















