Otabek Sattoriyga oid jinoyat ishini apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqish bo‘yicha birinchi ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi
Bugun, 29 iyun kuni soat 11:00 da Surxondaryo viloyat sudi binosida Otabek Sattoriyga oid jinoyat ishini apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqish bo‘yicha birinchi ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tgan. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, sudga raislik qiluvchi Samarqand viloyat sudi sudyasi I. Hamidov tomonidan sud tarkibi e'lon qilinib, hozir bo‘lgan sud ishtirokchilariga ularning huquqlari va majburiyatlari tushuntirilgan. Shundan so‘ng, taraflarda sudlov hay'ati tarkibini rad qilishga oid arzlar yoki iltimoslar bor yoxud yo‘qligiga aniqlik kiritilgan. Sudlanuvchi O. Sattoriy prokuror va sudlov hay'ati tarkibiga raddiya bildirgan. Uning raddiyasi taraflarning fikri o‘rganilgan holda hal etilib, qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.
Shuningdek, sudlanuvchi O. Sattoriy va uning himoyachisi Sh. Xolmurodov sudga iltimosnoma kiritib, sudlanuvchi O. Sattoriyning otasi A. Sattoriyni himoyachi sifatida ishtirok etishga ruxsat berilishini so‘ragan. Ushbu iltimosnoma Jinoyat-protsessual kodeksining 423-moddasi (sud majlisida ajrim chiqarish tartibi) tartibida hal etilib, qanoatlantirilgan hamda A. Sattoriy himoyachi sifatida ishda ishtirok etishga jalb qilingan. Unga Jinoyat-protsessual kodeksining 53-moddasi (himoyachining huquq va majburiyatlari) da nazarda tutilgan huquqlari hamda majburiyatlari tushuntirilgan.
Qayd etilishicha, sud muhokamasining tayyorlov qismida jabrlanuvchi T. Shopo‘latov va O‘.Turdiyevning himoyachisi S. Mamatqulovaning sog‘ligi yomonlashganligi bois sud muhokamasini keyinga qoldirish to‘g‘risidagi, sudlanuvchining himoyachisi Sh. Xolmurodov ishga yangidan kirishganligi sababli jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishish, sud muhokamasiga tayyorgarlik ko‘rish uchun zarur vaqt berilishiga oid iltimoslari ko‘rib chiqilgan. Ta'kidlanishicha, iltimosnomalar asosli ekanligi inobatga olinib, keyingi sud majlisi 2021 yil 30 iyun kuni soat 10:00 ga qoldirilgan.
Sud muhokamasi ochiq majlisda hamda oshkora ko‘rilganligi sababli OAV vakillari, jurnalist va blogerlar yoki boshqa shaxslarning sud majlisiga kirishiga monelik qilinmagan.
Eslatib o‘tamiz, jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudining 2021 yil 10 maydagi hukmiga ko‘ra, O. Sattoriy Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi «a», «g» bandlari va 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llanib, 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61-moddasi (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) ga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Mavzuga oid
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
10:16 / 12.11.2024
Farg‘onada tanishini o‘ldirib, uyiga o‘t qo‘ygan ayolga hukm o‘qildi
08:48 / 09.11.2024
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organi qarzni sudda undirishda oldindan davlat bojini to‘lashdan ozod qilindi
19:12 / 31.10.2024