Intervyuda Abdulaziz Komilov amerikalik suhbatdoshning: “AQSh nima uchun Markaziy Osiyoga qiziqishi kerak?” degan savoliga javob qaytardi.
“Bilasizki, so‘nggi vaqtlarda Markaziy Osiyoda geosiyosiy jihatdan juda muhim o‘rin tutmoqda. Chunki Markaziy Osiyo – Xitoy, Rossiya, Hindiston va Pokiston kabi yirik mintaqaviy o‘yinchilar uchun qiziqarli hudud. Ikkinchidan, bizda ko‘plab tabiiy resurslar bor. Shuningdek, bu yer – Sharq va G‘arb o‘rtasidagi chorraha hisoblanadi.
Qolaversa, biz Afg‘oniston tarafdan terrorizm va ekstremizm kabi xavflarga yuzlashmoqdamiz. Bu kabi barcha muammolar faqatgina sof xalqaro hamkorlik doirasida hal qilinishi mumkin.
Albatta, Markaziy Osiyoda ko‘plab qudratli kuchlarning o‘z shaxsiy manfaatlari ham bor. Shuning uchun, biz hozirgi kunda Markaziy Osiyo muhim geosiyosiy markaz bo‘lib qolganini ta'kidlaymiz”, – dedi vazir.

Komilov O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan siyosati haqida ham to‘xtaldi.
“E'tibor bergan bo‘lsangiz, bizning tashqi siyosatimizda ustuvor yo‘nalish qo‘shnilarimiz bilan konstruktiv va do‘stona munosabat hamda yaqin hamkorlik qilishga beriladi.
[...] Bir tarafda bizda Markaziy Osiyoning markazi bo‘lish kabi noyob pozitsiyamiz bo‘lsa, yana bir tarafdan qo‘shni davlatlarning barchasi bilan alohida hal qilinishi kerak bo‘lgan ko‘plab muammolar bor. So‘nggi uch yilda biz mintaqada suv taqsimoti, energiya resurslari, chegaralarni aniqlashtirish kabi ko‘plab murakkab va nozik muammolarni yecha oldik.
Biz hozir Markaziy Osiyoda yangi siyosiy muhitni yarata oldik. Prezident Mirziyoyev doimiy ravishda Markaziy Osiyo rahbarlari sammitini o‘tkazib borishni taklif qildi. Biz bularning bir nechtasini o‘tkazdik, balki keyingisi Turkmanistonda bo‘lishi mumkin”, – dedi Abdulaziz Komilov.
O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasining lideri maqomiga da'vo qiladimi? Dastur muallifining navbatdagi savoli shunday yangradi.
“Bilasizmi, biz o‘z zimmamizdagi mas'uliyatni anglaymiz. Biroq mintaqada alohida mavqedagi o‘yinchiga yoki lider mamlakatga aylanish istagimiz yo‘q.















