O‘zbekiston | 10:39 / 29.06.2021
10759
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytiriladi

O‘zbekistonda hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytiriladi. Bu haqda parlament saytida xabar berilgan.

Qayd etilishicha, “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Ushbu loyiha bilan Jinoyat kodeksining 219-moddasi birinchi qismi sanksiyasidagi jazo choralari kuchaytirilmoqda. Ya'ni, jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha oshirilib, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash jazo chorasi kiritilmoqda va ozodlikdan mahrum qilish jazosi 1 yildan 3 yilgacha kuchaytirilishi nazarda tutilmoqda.

Deputatlarning fikricha, mazkur loyihaning qabul qilinishi natijasida Jinoyat kodeksida hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatganlik yoki unga nisbatan zo‘rlik ishlatganlik uchun javobgarlikni belgilash orqali hokimiyat vakillarining huquqiy himoyasi ta'minlanadi.

Ma'lumot uchun, Jinoyat kodeksining 219-moddasi «Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish» deb nomlanib, amalda qarshilik ko‘rsatish, ya'ni xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga faol qarshilik ko‘rsatish bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarni qanday shaklda bo‘lmasin o‘zining xizmat vazifasini bajarish yoki fuqaroviy burchini bajarishdan voz kechishga, shuningdek qonunga xilof harakatlar sodir etishga majbur qilish uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Mavzuga oid