O‘zbekiston | 10:23 / 29.06.2021
6990
2 daqiqa o‘qiladi

Rajab Toyyib Erdo‘g‘an joriy yil oxirigacha O‘zbekistonga tashrif buyuradi

Turkiya vitse-prezidentining Toshkentga tashrifi yakunlari bo‘yicha 58ta banddan iborat bo‘lgan Harakatlar strategiyasi ishlab chiqilgan. Shuningdek, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning joriy yil oxirigacha Toshkentga tashrifi rejalashtirilgan.

Turkiya va O‘zbekiston o‘zaro savdo hajmini yiliga 10 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda. Kelgusi yillarda ushbu maqsadga erishish yo‘lidagi ishlar amalga oshiriladi.

Bu haqda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Turkiya-O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishida Turkiya vitse-prezidenti Fuat Oqtoy aytib o‘tgan.

«Joriy yilning oxiriga qadar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 4 milliard dollarni, 2023 yilga kelib esa 5 milliard dollarni tashkil etadi», deya ta'kidlagan Fuat O‘qtoy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentga tashrif yakunlari bo‘yicha 58ta banddan iborat bo‘lgan Harakatlar strategiyasi ishlab chiqilgan bo‘lib, bu ikki turkiy tilli davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishni nazarda tutadi.

«Muloqotning muhim jihatlaridan biri Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi shartnomani imzolashdir. Anqara Toshkentni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Bizning hamkorligimiz hurmat va o‘zaro manfaat tamoyillariga asoslanadi. Ishonchim komilki, 2021 yil Turkiya-O‘zbekiston aloqalarini rivojlantirish yili bo‘ladi», degan Turkiya vitse-prezidenti.

Fuat O‘qtoy Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning joriy yil oxirigacha Toshkentga tashrifi rejalashtirilganini ham aytib o‘tgan.

Avvalroq, prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiya vitse-prezidenti Fuat O‘qtoyni qabul qilgani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid