Prezidentning «Ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

2022 yil 1 iyulga qadar amalga oshiriladigan loyiha doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida joylashgan 1 227ta ko‘p kvartirali uy-joylar boshqaruvchi tashkilotlarga biriktiriladi.

Boshqaruvchi tashkilotlar ochiq tanlov o‘tkazish yo‘li bilan tanlanadi. Ularga quyidagi vazifalar yuklatiladi:

  • shartnomaga asosan barcha ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish, shuningdek yakka tartibda qurilgan uylarga, mulkchilik shaklidan qat'i nazar tashkilotlarga (obektlarga) kommunal va avariya vaziyatlarini bartaraf etish xizmatlarini ko‘rsatish;
  • tegishli hokimlik bilan tuzilgan shartnomaga asosan hududni ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish;
  • 24 soat mobaynida faoliyat yuritadigan dispetcherlik va avariya vaziyatlarini bartaraf etish xizmatini tashkil etish.

Barcha davlat buyurtmachilariga tanlangan boshqaruvchi tashkilot bilan biriktirilgan hududda istisno tariqasida tanlov o‘tkazmasdan kommunal va avariya vaziyatlarini bartaraf etish xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzishga ruxsat etiladi. Yakka tartibda qurilgan uylar mulkdorlari, xususiy tashkilotlar vakillari tomonidan tanlangan boshqaruvchi tashkilot bilan shartnoma ixtiyoriy ravishda tuziladi.

2021 yil 1 iyuldan boshlab uy-joy mulkdorlarining shirkati, boshqaruvchi tashkilot va boshqaruvchi, bevosita boshqaruvchi tomonidan har bir ko‘p kvartirali uy-joy uchun majburiy badallarning yoki to‘lovlarning alohida hisobi yuritilishi shart.

Ko‘p kvartirali uy-joylarning mukammal va joriy ta'mirlash ishlarini moliyalashtirish mazkur uy-joylarni ta'mirlash ishlari umumiy smeta qiymati doirasida amalga oshiriladi. Bunda:

  • 30 foizi hajmidagi mablag‘lar mulkdorlar hisobidan qoplanadi;
  • 70 foizi hajmidagi mablag‘lar teng ulushlarda respublika budjeti va mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan qoplanadi.

Mulkdorlar va boshqaruvchilarga ko‘p kvartirali uy-joylarga tutash yer uchastkalari chegaralari va o‘lchamlarini belgilash hamda ularga doimiy foydalanish huquqini belgilovchi zarur hujjatlarni, shu jumladan kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish uchun to‘lovlarni bir yil davomida teng ulushlarda bo‘lib to‘lashga ruxsat etiladi.