Kun.uz holatni o‘rganish maqsadida Jizzax viloyatining Baxmal tumani “G‘allakon” MFYda bo‘ldi.
Qishloq ahlining katta qismi chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Hudud asosan qir-adirliklardan iborat bo‘lgani uchun aholining o‘z tomorqasini devor bilan o‘rab olishi odatga aylanmagan. Mol-hol ochiq hovlida, qirlarda bog‘lab qo‘yiladi.


Nargiza Suyunova bir necha oy avval tumandagi mol bozordan ikkita ho‘kizni 13 million so‘mga sotib olishganini aytmoqda. U o‘sha ho‘kizlarni ham hovlisidagi mollariga qo‘shib boqib kelgan. 26 may kuni kechga yaqin mollarini hovlisining etagiga bog‘lab qo‘ygan.

“Ertalab turib qarasak, ikki-uchta molimiz bo‘shalib o‘tlab yuribdi. Bitta ho‘kizimiz joyida yo‘q ekan. Bo‘shalib ketganmi, degan o‘yda qo‘ni-qo‘shnilarnikini so‘radik, mahallamizni to‘liq aylanib chiqdik. Topilmagach, mahalla profilaktika noziriga ma'lum qildik. Mana, shuncha kun o‘tdi hamki, topilgani yo‘q. Mol yo‘qolishi qishlog‘imizda birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q”, – deydi Suyunova.
Hududda ayniqsa, mol-holi yo‘qolishidan ko‘p aziyat chekayotganlar orasida Ahmadqul Suyunov ham bor.
Ahmadqul akaning ko‘zi yaxshi ko‘rmaydi, jismoniy imkoniyati ham cheklangan. Uning aytishicha, qo‘rasidan bir emas, bir necha martalab qo‘y-echkilari o‘g‘irlab ketilgan. O‘ttizdan ortiq tovuqlari ham kechasi katakdan olib ketilganini aytyapti. Bu holatdan zada bo‘lgach, kechasi qo‘ra boshida ayoli va voyaga yetmagan o‘g‘li qorovullik qilib chiqayotgan ekan.
“Nogiron va kambag‘al holimda molimga ko‘z tikadigan, xudodan qo‘rqmaydiganlar ham bor ekan”, – deydi Ahmadqul aka.
























