Kun.uz muxbiri Farg‘onada ko‘pchilik taniydigan, uzun bo‘yi sababli boshqa xodimlardan yaqqol ajralib turadigan mashhur Sherzod Sirojiddinov bilan suhbatlashib, uning bir kunlik hayoti haqida lavha tayyorladi.

Sherzod Sirojiddinov 1981 yilda Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumani, O‘qchi qishlog‘i, Bozorboshi mahallasida tug‘ilgan. Oilada 4 o‘g‘il bo‘lib, u to‘ng‘ich farzand. 3 nafar ukasi bor. Ukalarining ham qad-qomati xuddi unikidek novcha.

Bo‘lajak militsioner 1998 yilda Andijon boks maktabiga borib, sport bilan shug‘ullanadi. 1999 yilda qishlog‘iga qaytib, dehqonchilik qila boshlaydi.

O‘sha paytda Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i, hozirda prezident maslahatchisi bo‘lgan general-leytenant Tursunxon Xudoyberganov 2006 yilda Sherzod Sirojiddinovni O‘zbekiston tumani IIB binosi yonida tasodifan uchratib qoladi. U baland bo‘yi sababli mulozimning e'tiboriga tushadi.

Shundan buyon Sherzod Sirojiddinov ichki ishlar organlari xodimlari safida xizmat qilib kelmoqda. Avvaliga u 6 oy muddat Qo‘qon shahrida YPXda faoliyat yuritadi. Hozirda u Farg‘ona viloyati IIB PPX 1-batalon 3-otryadda safdor bo‘lib ishlaydi.

U 2008 yilda oila qurgan, 2011 yilda o‘g‘li Tursunxon Shohiddinov tug‘ilgan.

Sherzod Sirojiddinov ichki ishlar idoralari safiga qanday kelib qolgani haqida hikoya qilib berdi.

«2006 yilda Tursunxon Xudoyberganov meni tasodifan uchratib qolgach, ichki ishlar idoralari safiga qabul qilindim — 1 soatda xizmat formasini kiyganman.

Forma kiyganimdan keyin Qo‘qon shahrida YPXda faoliyat boshladim. Bir muddatdan keyin Farg‘ona shahrida malaka oshirdim. 2006 yildan buyon PPXda ishlab kelmoqdaman».