
Bundan bir yil oldin, 8 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qishloq xo‘jaligi mashinasozligi tashkilotlari faoliyatining samaradorligini oshirishga oid qarori qabul qilingan edi. Unga muvofiq, Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi, Agregat zavodi, Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi va “Texnolog” aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitalidagi davlat ulushlari uch yil muddatga “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyatiga ishonchli boshqaruvga berilgan edi. Tarmoq korxonalarining rentabelligini oshirish, mahsulotlari sifatini yaxshilash va tannarxini pasaytirish vazifalari belgilangan edi.
O‘tgan davrda Toshkent qishloq xo‘jaligi texnika zavodidagi ishlab chiqarish maydonlari 68 foizga maqbullashtirilib, uskunalardan foydalanish samaradorligi oshirildi. Natijada mahsulot tannarxi 4 foizga pasaydi va qariyb 45 milliard so‘m iqtisod qilindi. Xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan muzokaralar o‘tkazilib, 80-100 ot kuchiga ega bo‘lgan traktorlar narxlari 15-20 foizga arzonlashtirildi.
Minsk traktor zavodi bilan hamkorlik o‘rnatildi. Bu sheriklik doirasida O‘zbekistonda har yili 3 mingta traktor ishlab chiqarish ko‘zda tutilmoqda.

Shu bilan birga, korxonalarning texnologik va ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, qishloq xo‘jaligini zamonaviy texnikalar bilan ta'minlash bo‘yicha hali vazifalar ko‘p. Tarmoqda mavjud quvvatlardan foydalanish darajasi 19 foiz, mahalliylashtirish o‘rtacha 20 foiz ekani mutlaqo qoniqarli emas. Mahalliy texnikalar narxi import texnikalarga nisbatan 10-15 foiz qimmat.
Shu bois taqdimotda qishloq xo‘jaligi mashinasozligi klasterini tashkil etish, quvvatlardan foydalanish va mahalliylashtirish darajasini oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Toshkent shahrida joylashgan tarmoq korxonalarini Chirchiq shahriga ko‘chirish va ularning negizida qishloq xo‘jaligi mashinasozligi klasterini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
Rejaga ko‘ra, Toshkent va Chirchiqdagi qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodlari, Agregat zavodi, “Texnolog” va “O‘zKlaas Agro” korxonalari sanoat klasteri usulida yagona maydonda joylashtiriladi. 1 ming 200 ta uskuna va jihoz, 28 turdagi texnika optimallashtirilib, ishlab chiqarish quvvatidan foydalanish 85 foizga, mahalliylashtirish 50 foizga yetkaziladi. Natijada ishlab chiqarish tannarxi 20 foizga pasayib, korxonalarning rentabellik darajasi 10 foizga oshishi kutilmoqda.

















