12:07 / 07.07.2021
938

Toshkentda «1 so‘m» qiymatda davlat obektini olib berishini aytib, 6000 dollar olgan shaxs ushlandi

Toshkentda «1 so‘m» qiymatda davlat obektini olib berishini aytib, navoiylik fuqarodan 6000 AQSh dollari olgan shaxs ushlangan. Hozirda mazkur shaxsdan jabrlangan boshqa fuqarolarni aniqlash bo‘yicha surishtiruv olib borilmoqda. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Sergeli tumanida yashovchi, muqaddam bir necha bor firibgarlik jinoyatini sodir etganligi uchun sudlangan, 1962 yilda tug‘ilgan Yu.U. davlat mulki obektlarni «1 so‘m» qiymatida onlayn auksion savdolari orqali olib berishni va'da qilib, odamlardan pul olgani uchun ushlangan.

Jumladan, Yu.U. Navoiy viloyatida yashovchi,1988 yilda tug‘ilgan Z.S.ning ishonchiga kirib, birja savdolari orqali Toshkent shahri hududidan davlat obektini olib berishni aytib, undan 6 000 dollar pullarni olib, o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida Yu.U. qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, o‘z aybiga to‘liq iqrorligi to‘g‘risida ko‘rsatma bergan.

Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan 2021 yil 27 iyun kuni Tergov organi tomonidan Yu.U.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda. Shuningdek, gumonlanuvchi Yu.U.dan jabrlangan fuqarolarni aniqlash bo‘yicha surishtiruv tadbirlari olib borilmoqda.

Top