Haiti prezidenti Jovenel Moiz va rafiqasi Martina / REUTERS

«7 iyulga o‘tar kechasi yarim tunda ispan va ingliz tillarida so‘zlashgan noma'lum shaxslar guruhi respublika prezidenti hayotiga suiqasd qilishdi. Prezident olingan tan jarohatlardan vafot etdi», deya ma'lum qilgan bosh vazir vazifasini bajaruvchisi Klod Jozef.

U mamlakat prezidenti majburiyatlarini o‘z zimmasiga olgan va qotillikdan bir necha soat o‘tib avvaliga ijro hokimiyatiga ko‘proq vakolatlar taqdim etuvchi «qamal holati» rejimi, keyinroq umummilliy favqulodda holat rejimini e'lon qilgan. Qo‘shni Dominikan respublikasi Haiti bilan chegarani vaqtincha yopgan.

Bosh vazir telemurojaatida hujum qilganlar ingliz va ispan tillarida so‘zlashgani haqida yana bir bor ta'kidlab, ularning qo‘lida «juda katta kalibrli qurol» bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.

«Konstitutsiyaning 149-moddasiga ko‘ra, men vazirlar kengashining favqulodda yig‘ilishini chaqirdim va biz butun mamlakat bo‘ylab qamal rejimini joriy etishga qaror qildik», degan Jozef telemurojaatida.

Hujum natijasida birinchi ledi Martina Moiz ham jarohatlangan.

53 yoshda bo‘lgan Jovenel Moiz 2017 yil fevralidan buyon hokimiyat tepasida edi. U Mishel Martellining iste'fosidan keyin prezidentlik postini egallagandi.

Jozef qotillikni qoralab, uni «varvarlik akti» deb atagan. Bosh vazir vazifasini bajaruvchi barchani xotirjamlikka chorlagan hamda politsiya va armiya mamlakatda tartibni saqlashini, xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat nazoratda ekanini aytib o‘tgan.

«Akalar va singillar, biz prezident nima uchun kurashganini bilamiz. Biz bilamizki Jonevel Moiz jasur inson edi. Mamlakatdagi barcha kuchlar bu qotillikni qoralashi kerak. [...] Prezident Jonevel Moizning o‘limi javobsiz qolmaydi. Uni o‘ldirishlari mumkin, prezident Jonevel Moizni jismonan yo‘q qilishlari mumkin, ammo uning g‘oyalarini o‘ldirib bo‘lmaydi», degan Klod Jozef.

Haiti - G‘arbiy yarimshardagi eng qashshoq mamlakatlardan biri hisoblanadi. Aholisining 60 foizi kuniga 2 dollardan kamroqqa yashaydi. Haiti aholisi soni 10,6 mln kishi atrofida.