Rossiyalik bloger Yevgeniy Savin O‘zbekiston milliy jamoasi va Italiyaning «Jyenoa» klubi hujumchisi Eldor Shomurodov haqida katta ko‘rsatuv suratga oldi. U futbolchining O‘zbekistonda barcha bosib o‘tgan yo‘llariga e'tibor berishga harakat qilgan. Savin «Bunyodkor» va «Mash'al» klublarida bo‘lib, Shomurodov haqida klub a'zolaridan so‘ragan. Ko‘rsatuvning asosiy qismida bloger Eldor Shomurodov bilan u tug‘ilib o‘sgan Jarqo‘rg‘on tumanida intervyu uyushtirgan.

Suhbat avvalida Savin o‘zbekistonlik futbolchidan nega ta'tilni Dubayda yoki boshqa shaharda emas, aynan Jarqo‘rg‘onda o‘tkazayotganini so‘ragan. Shomurodov esa uyda kam bo‘lishi sabab shunday qarorga kelganini aytgan: «Doim chet eldaman-ku, ota-onamni kam ko‘raman. Shu sabab uyga kelishga qaror qildim. O‘g‘lim tug‘ilgani sharafiga osh berdik, bizda shunday odat bor».

Savin Eldordan «Toshkentdan bu yerga kelguncha ko‘rdimki, odamlarning hayot tarzi pasayib borgandek ko‘rindi, to‘g‘risini ayt, sendan tez-tez qarz so‘rashadimi», deb so‘ragan. Shomurodov esa odamlar otasidan qarz so‘rab turishlarini aytgan.

Hujumchi nega 61-raqamni tanlaganini ham tushuntirgan: «Borganimda 14-raqam band ekan. Keyin do‘stim bilan maslahatlashdim va u 61-raqamni tavsiya qildi (Rostov viloyatida harakatlanuvchi mashinalarning davlat raqami) va bu fikr menga yoqdi».

«Tottenhem»ning qiziqishi

Savin o‘zbekistonlik futbolchidan «Roma»ning qiziqishi haqida so‘ragan. Shomurodov esa bundan bexabarligini aytgan. Ko‘rsatuv davomida Savin bilan suhbatlashgan Eldorga agentlik xizmatini ko‘rsatuvchi ProSpors Management kompaniyasi rahbari German Tkachenko esa Mourinoning unga qiziqish bildirgani haqida gapirgan. Tkachenkoga ko‘ra, Mourino Eldorning o‘yinlarini kuzatish uchun «Tottenhem» skautlarini ham yuborgan. Chunki o‘sha vaqtda London klubiga transfer bahosi qimmat bo‘lmagan futbolchi kerak bo‘lgan. U vaqtda Shomurodov «Rostov» safida bo‘lgan va jamoasi «Makkabi» to‘sig‘idan o‘tsa, «Tottenhem» bilan o‘ynashi kerak bo‘lgan. Biroq bunday bo‘lmagan va shu bilan «Tottenhem» varianti unutilgan.

Shuningdek, Tkachenko o‘zbekistonlik hujumchini «Shtutgart» qo‘lga kiritishni juda xohlaganini ta'kidlagan. Uning aytishicha, nemislar hatto futbolchiga to‘yi kuni sovg‘a ham yuborishgan. U Germaniyada bo‘lganida topib, klub stadionini, shaharning qayerida masjid borligigacha ko‘rsatishgan. Savin Tkachenko Abramovich bilan do‘st ekanini eslatib, Shomurodovning «Chelsi»ga o‘tishi borasida savol tashlagan. Futbolchi bu faoliyatining eng cho‘qqisi bo‘lishi mumkinligini aytgan bo‘lsa, Tkachenko boshqacharoq izohlagan: «U bilan do‘stligimiz qachon «Chelsi»ga futbolchimiz yo‘l olishida yordam berishi mumkin bilasanmi? Qachonki, top-top klub bo‘lgan «Chelsi» qaysidir klub bilan bizning mijozimiz bo‘lgan futbolchi bilan kurashsa. Buni esa men orzu qilaman».