Obunachilariga pul tarqatishini aytib, Toshkentdagi Amir Temur xiyoboni atrofida karantin bo‘lishiga qaramay 200dan ortiq yoshlarning to‘planishiga sabab bo‘lgan rossiyalik bloger Subxan Mamedovga chora ko‘rilmagani jamoatchilik tanqidiga sabab bo‘lgan edi.
14 iyul kuni Kun.uz bu masalada Toshkent shahar IIBBdan izoh so‘raganida, bu voqea bo‘yicha bloger va boshqalarga nisbatan hech qanday ma'muriy bayonnoma tuzilmagani aytilgan edi.
Biroq, jamoatchilik tanqidlari ortidan, IIBB bloger va undan tashqari yana 25 nafar shaxs jarimaga tortilganini bildirib qo‘shimcha bayonot chiqardi.
“Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB tomonidan o‘tkazilgan dastlabki tekshiruv natijasiga ko‘ra, 26 nafar fuqaro (shu jumladan S.Mamedov va uning kuzatuvchilari) karantin qoidalariga zid ravishda jamoat joyida tibbiy niqobsiz bo‘lganliklari uchun O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 54-moddasiga asosan ma'muriy javobgarlikka tortildi, 83 nafar fuqaroga nisbatan hujjatlar rasmiylashtirish jarayonida, 9 nafar voyaga yetmagan shaxslarning ota-onasi bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, ogohlantirildi. Hozirda surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda”, – deyiladi boshqarma axborotida.
Bayonotga rossiyalik bloger jarimani to‘lagani haqidagi to‘lov kvitansiyasi ilova qilinmagan. Avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati rahbari o‘rinbosari Otabek Umarov avtomobilida taqiqlangan tezlikda harakatlanib, yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun jarima to‘lagani xabar qilinganda buning isboti o‘laroq to‘lov kvitansiyasi ham ilova qilingandi.
MJtKning 54-moddasiga ko‘ra, karantin paytida jamoat joyida niqobsiz bo‘lish 5 BHMgacha jarima bilan jazolanadi.

















