Ohangaron shahridagi davlat bogʻchasida tarbiyalanuvchi hasharotlarga qarshi vositani ichib, halok boʻldi. Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, holat 2026-yil 28-avgust kuni yuz bergan. 2023-yilda tugʻilgan tarbiyalanuvchi oshxonada hasharotlarga qarshi ishlatiladigan BSM vositasini ichib qoʻygan. Bola zudlik bilan Ohangaron shahar tibbiyot birlashmasiga olib borilgan. Ammo uning hayotini saqlab qolishning imkoni boʻlmagan.
“Maʼlumotlarga koʻra, bolaning buvisi mazkur tashkilot oshxonasida autsorsing tashkiloti xodimi - oshpaz sifatida ishlagan. Hodisa tarbiyalanuvchi buvisining yoniga, oshxonaga kirgan vaqtda sodir boʻlganligi aytilgan. Biroq bu holat yuzasidan yakuniy xulosa faqat vakolatli organlar tomonidan oʻtkazilayotgan tergov va surishtiruv natijalariga koʻra beriladi”, deyiladi boshqarma munosabatida.
Hozirda tegishli tashkilotlar tomonidan bola oshxonaga qanday kirgani, xavfli vosita uning qoʻli yetadigan joyda nima sababdan turgani va uni saqlash uchun kim masʼul boʻlgani oʻrganilmoqda.
Boshqarma bola hayotiga zomin boʻlgan hodisaning biror jihati eʼtibordan chetda qolmasligini, hozirda tergov ishlari davom etayotganini hamda aybdorligi aniqlangan shaxslarga nisbatan qonun doirasida chora koʻrilishini bildirgan.

















