Gap Qandahordan uzoq bo‘lmagan masofada joylashgan Spin-Boldak nazorat-o‘tkazuv punkti haqida ketmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu post ustida oq bayroq ko‘tarilgani hamda toliblar chegarachilar bilan gaplashayotgani aks etgan videorolik tarqaldi. Ammo BBC bu video haqiqiyligini tasdiqlay olmagan.
Pokistonlik amaldorlar ham ushbu post toliblar qo‘liga o‘tganini tasdiqlagan. Pokiston tomondagi odamlar va jurnalistlar chegaradan o‘tkazilmayapti. Ushbu mamlakat hukumati shoshilinch yig‘ilish chaqirgan.
Boshqa tomondan, Afg‘oniston IIV vakili Tariq Arian «Frans press» agentligi muxbiri bilan suhbatda chegarada «qandaydir harakatlar bo‘lgani», ammo afg‘on harbiylari hujumni qaytarishganini ma'lum qilgan.
«Tolibon» vakili Zabihulloh Mujohid Qandahor viloyatidagi Vesh qishlog‘i ham harakat nazoratiga o‘tganini ma'lum qilgan. Bu qishloq Spin-Boldak posti orqali o‘tkaziladigan yuk mashinalari xavfsizligini ta'minlaydi.
BBC manbasining aytishicha, toliblar chegara postini jangsiz egallashga muvaffaq bo‘lishgan, ammo afg‘on hukumati bu post ustidan nazoratni saqlab qolayotganini aytmoqda. Keyinroq toliblar Spin-Boldak okrugi markazi va Qandahor viloyati politsiyasi shtab-kvartirasi ham egallanganini ma'lum qilishdi. Ammo bu ma'lumotlarni ham mustaqil manbalar orqali tasdiqlashning imkoni yo‘q.
BBC korrespondenti Liz Dyusetning baholashicha, Spin-Boldak nazorat-o‘tkazuv punkti toliblar qo‘liga o‘tgan bo‘lsa, bu ular uchun ham strategik, ham ramziy nuqtayi nazardan yutuq hisoblanadi. Bu punkt orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo mahsulotlarining katta qismi o‘tkaziladi, «Tolibon» esa katta miqdorda boj to‘lovlarini o‘ziniki qilishi mumkin. Spin-Boldak orqali o‘tgan yo‘l Afg‘onistonning Qandahor viloyatini Pokistondagi portlar bilan bog‘laydi. Afg‘oniston to‘g‘ridan to‘g‘ri dengizga tutashmagan.
Bundan tashqari, chegara ustidan nazorat o‘rnatilishi «Tolibon»ga Pokistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l ochadi, harakat a'zolari ko‘p yillardan buyon Pokistonning chegaraga yaqin hududlarida joylashgan.
So‘nggi hafta davomida «Tolibon» jangchilari chegaradagi bir qancha punktlarni egallab olishdi, Eron, Tojikiston va Turkmaniston bilan chegara postlari shular jumlasidan. «Tolibon» daromad ko‘ra boshladi», deydi afg‘on savdo palatasi raisi Shafiqullo Otoiy. Shu bilan birga, chegara punktlari nazorati orqali harakat aynan qancha miqdorda pulga ega bo‘layotganini aniq aytish imkonsiz.
Afg‘onistondagi vaziyat

















