Ijtimoiy tarmoqdagi profilingizga shaxsiy ma'lumotlaringizning qanchasini kiritasiz?
Ism, yashash joyi, yosh, kasb, oilaviy holat va profil surati? Ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy ma'lumotlarni baham ko‘rishga tayyorlik darajasi har kimda turlicha. Ammo bugun aksariyat odamlar ijtimoiy tarmoqdagi profiliga joylashtirilgan ma'lumotlar endi hammaga ochiqligini bilishadi.
Xo‘sh, siz haqingizdagi barcha ma'lumotlar kiber-haker tomonidan to‘planib, millionlab odamlarning shaxsiy ma'lumotlari bilan bir qatorda eng ko‘p pul to‘laydigan kiberjinoyatchiga sotib yuborilsa, o‘zingizni qanday his qilasiz?
O‘zini Tom Layner deb tanishtirgan haker o‘tgan oy «ko‘ngilxushi uchun» dunyoning turli burchaklaridagi 700 million Linkedin foydalanuvchisining shaxsiy ma'lumotlarini axborot bazasiga to‘plab, uni 5 ming dollardan sota boshladi.
Ijtimoiy tarmoqdagi bu va bunga o‘xshash ma'lumot to‘plash bilan bog‘liq holatlar profilimizda ochiq holda tarqatadigan shaxsiy ma'lumotlarimizning yaxshiroq himoya qilinishi kerakligi borasidagi qizg‘in munozaralarga sabab bo‘ldi.
O‘zini Tom Layner deb tanishtirgan bu shaxs Buyuk Britaniya vaqti bilan soat 8:57da taniqli kiber-hakerlik forumida ma'lumotlarni sotishga qo‘yayotganini e'lon qildi.
«Salom, menda 2021 yilga oid 700 million Linkedin ma'lumotlari bor», deydi u.
U bir milliondan ortiq Linkedin qaydlarini ko‘rish uchun internet-havolani taqdim etadi va o‘zi to‘plagan ma'lumotlarga taklif bilan chiqmoqchi bo‘lgan boshqa hakerlarga «shaxsiy»dan yozish uchun taklifnoma ham qoldirdi.
Ushbu savdo kiber-qaroqchilik dunyosini larzaga keltirdi va Tom ma'lumotlarni «juda ko‘p» baxtli mijozlarga 5 ming dollarga sotayotganini aytdi.
Albatta, u mijozlari kimligini va bu ma'lumotlarni nima uchun sotib olishni xohlashayotganini aytmaydi, ammo uning ta'kidlashicha, ma'lumotlardan kiberhujumlarda foydalanilishi mumkin.
Ushbu xabar, shubhasiz, kiberxavfsizlik va shaxsiy ma'lumotlarni himoya qilish vazifasi yuklatilgan tashkilotlarda ham mediadan katta miqdorda ma'lumot «qazib» olinishidan qo‘rqish kerakmi yoki yo‘qmi degan qizg‘in munozaralarni keltirib chiqardi.
Bu yerda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan narsa shuki, mazkur ma'lumot bazalari hakerliksiz, ya'ni boshqalarning saytlariga, ijtimoiy tarmoqlariga yoki akkauntlariga kirmagan holda ochiq ma'lumotlar asosida yaratiladi.

















