«Barselona» yil boshidan buyon moliyaviy muammolar girdobida

Yanvar oyidan buyon Kataloniya klubidagi moliyaviy muammolar haqida turli xabarlar yangrayotgandi. Klub e'lon qilgan moliyaviy hisobotlarga ko‘ra, jamoa oldidagi qarzdorlik jami 1,2 milliard yevroga yetgan. «Barselona»da oylik maoshlarni to‘lash uchun mablag‘ tanqisligi yuzaga kelgach, klub futbolchilarning yarim yillik ish haqini to‘lash uchun bankdan kredit olishga majbur bo‘ldi. Qolaversa, rahbariyat transferlar uchun boshqa klublardan 126 million yevro qarz bo‘lib qoldi (eng katta qismi «Liverpul»dan – Koutino transferi uchun 29 mln yevro).

Moliyaviy og‘ir pallada El Mundo nashri Messining shartnomasidagi raqamlarni e'lon qilib, olovni alangalatdi. Manbaning yozishicha, argentinalik 4 yil ichida klubda 555 million yevro ishlab topadi.

«Barsa» Messi bilan kelishuvni nega cho‘zyapti?

La Ligada maoshlarning eng yuqori darajasi belgilangan. 2019/20 yilgi mavsumda Kataloniya klubidagi jami maoshlar miqdori 671 million yevroni tashkil etgan bo‘lsa, endi bu qiymat 383 million yevrogacha qisqartirilishi lozim. Ispaniyada maoshlar darajasi har bir klub uchun alohida belgilanib, bu tashkilotning daromadi va xarajatlaridan kelib chiqiladi. Hozirda «Barselona» maoshlar uchun topayotgan daromadidan ko‘proq mablag‘ sarflamoqda. Shu bois La Ligada yangi o‘yinchilarni ro‘yxatdan o‘tkaza olmaydi. Klub bir qator o‘yinchilarni sotgani va ijaraga berganiga qaramay, jamoani tark etganlarning maoshi u qadar katta emasligi og‘ir vaziyatni sezilarli darajada yengillashtirayotgani yo‘q.

Hozirgi vaziyatda Yumtiti, Pyanich, Koutino singari zaxirada qolayotgan nomdor o‘yinchilarning maoshi klubning oylik jamg‘armasiga og‘irlik qilmoqda. Har qanday holatda ham bu o‘yinchilarning biri bilan shartnomani o‘zaro bekor qilishga to‘g‘ri keladi, aks holda Messi bilan shartnoma imzolashning iloji bo‘lmaydi. Diario Sport xabariga ko‘ra, Lionel klubning so‘roviga yo‘q demay, maoshi 50 foiz kamaytirilishiga rozi bo‘lgan. Unga ko‘ra, Messi «Barselona» bilan yangi 5 yillik shartnoma imzolashi va kelishuvning dastlabki yilida 20 million yevro olishi (avval 100 mln yevrodan ko‘proq bo‘lgan) kutilmoqda.

Klub vaziyatdan chiqish uchun nimalar qildi va yana nima qila oladi?

Klub prezidenti Joan Laporta qiyin vaziyatdan chiqib ketish uchun 20 yoshli vinger Konrad de la Fuente, himoyachi Jan-Kler Todibo, 24 yoshli Xunior Firpo va Mateus Fernandes bilan xayrlashishga majbur bo‘ldi. Bundan tashqari, klub 21 yoshli portugaliyalik Fransisko Trinkanni «Vulverhempton»ga ijaraga berdi. U 2020 yilning avgust oyida 31 million yevroga sotib olingan edi.