Internetda Namangan viloyatida kuchli jala yog‘ishi oqibatida suv toshqini yuzaga kelgani aks etgan videotasvirlar tarqaldi. Xususan, Namangan shahridagi ko‘chalarda, yerosti o‘tish yo‘llari, oshxonalar va boshqa muassasalar binolarida suv toshgan.

Kun.uz mobil muxbirining xabar berishicha, 20 iyul kuni kechasi Pop tumanidagi tog‘li hududda joylashgan «Imomota» MFYda soydan kelgan suv bir necha avtomobilni oqizib ketgan.

Foto: Telegram / kunuznamanganviloyati
Foto: Telegram / kunuznamanganviloyati

Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Kosonsoy tumanidan sel toshqini kelishi oqibatida Namangan shahar hududidan o‘tgan 4R-117 «To‘raqo‘rg‘on-Namangan-Chortoq» avtomobil yo‘lining 15-kilometrida joylashgan ko‘prikka zarar yetgani sabab sozlash ishlari olib borilishi munosabati bilan harakat to‘liq cheklangani haqida xabar bergan.

Foto: YHXBB

Shuningdek, 4R-112 Farg‘ona halqa yo‘li avtomobil yo‘lining 73-kilometrida joylashgan «Tashlama» ko‘prigiga zarar yetgani sabab sozlash ishlari olib borilishi munosabati bilan harakat qisman (bir tomonlama tashkil etilgan) cheklandi.

Foto: YHXBB

Favqulodda vaziyatlar vazirligi 20 iyul kuni Farg‘ona vodiysining tog‘li hududlarida kuchli yog‘ingarchilik yuzaga kelib, Andijon va Namangan viloyatlari tumanlarida aholi uylariga suv toshib kirgani haqida ma'lumot berdi.