Bildirilishicha, 28 iyul kuni Oliy Majlis yuqori palatasining o‘n yettinchi yalpi majlisi oldidan Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Senat xabariga ko‘ra, majlisda respublikada sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq masalaga alohida e'tibor qaratildi. Xususan, avtomobil yo‘llarida yo‘lovchilar xavfsizligini ta'minlash yuzasidan ta'sirchan nazorat to‘liq va samarali o‘rnatilmaganligi sababli 2021 yilning 6 oyi davomida jami 3,5 millionga yaqin, 2020 yilga nisbatan 40,8 foizga ko‘p yo‘l harakati qoidabuzarligi qayd etilgan.

Qayd etilishicha, oqibatda 3 754ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 3 170 nafar fuqaro jarohatlangan va 954 nafar fuqaro halok bo‘lgan.

2021 yilning o‘tgan 6 oyida bolalar bilan bog‘liq 542ta YTH sodir etilib, ularda 458 nafar bola jarohatlangani va 104 nafar voyaga yetmagan bola halok bo‘lgani tanqidiy muhokamalarga sabab bo‘ldi.