14:53 / 29.07.2021
21107

Fanat Qahramonov qozog‘istonlik raqibga mag‘lub bo‘ldi. Bokschilarning yarmi turnirni erta tark etdi

O‘zbekistonlik sportchilar Olimpiadaning navbatdagi kunidagi ishtirokini yakunladi. Bugungi bahslarda medal olinmadi, bokschilar jamoasining yana ikki vakili turnir bilan xayrlashdi.

O‘zbekiston boks jamoasining yana bir vakili Tokio-2020 Olimpiadasini tark etdi. 

-75 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Fanat Qahramonov 29 iyul kuni nimchorak final doirasida qozog‘istonlik Abilxan Amanqulga qarshi ringga ko‘tarildi.

Qahramonov birinchi raundni o‘z foydasiga hal qildi, ammo ikkinchi raundda kuchli zarbalarni o‘tkazib yuborgach, referi nokdaun holatini qayd etdi, hakamlar ham bu raundda qozog‘istonlik bokschi g‘alabasini qayd etishdi. Uchinchi raundda ham Amanqul faolroq harakat qildi va yakunda g‘alabaga erishdi.

Shu bilan boks bo‘yicha erkaklar jamoasining to‘rtinchi vakili ham turnirni erta yakunlamoqda. Sanjar Tursunov (-91 kg) saralash bosqichidayoq yutqazgan, ishtirokini 1/8 finaldan boshlagan Mirazizbek Mirzaxalilov (-57 kg) ham ilk jangdayoq hakamlar qaroriga ko‘ra mag‘lub deb topilgan, Dilshod Ro‘zmetov (-81 kg) esa saralashdan muvaffaqiyatli o‘tib, nimchorak finalda ozarboyjonlik bokschidan mag‘lub bo‘lgan, shuningdek, ayollar jamoasining ikki vakili Shahnoza Yunusova (-69 kg) birinchi jangida yutqazib ishtirokini yakunlagandi.

Tursunoy Rahimova (-51 kg) esa dastlabki jangida polshalik Sandra Drabikni yengib, o‘zbekistonlik ayol bokschilar orasida Olimpiada o‘yinida g‘alaba qozongan ilk sportchi bo‘lgandi. Ammo bugun o‘tkazilgan ikkinchi jangida hakamlar qaroriga ko‘ra turkiyalik raqibga mag‘lub bo‘ldi.

Bugungi bahslarda O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdori, +91 kg vazn toifasi vakili Bahodir Jalolov Olimpiadadagi yurishini boshladi. U ilk jangida ozarboyjonlik Muhammad Abdullayevni katta ustunlik bilan mag‘lubiyatga uchratdi va chorak finalga chiqdi. Endi u 1 avgust kuni keyingi bosqichda hindistonlik Satish Kumarga qarshi jang qiladi.

O‘zbekistonlik bokschilardan yana biri - Bobo-Usmon Baturov (-69 kg) ham chorak finalga chiqqan. U 30 iyul kuni britaniyalik Pet Makkormak bilan jang qiladi.

Shahobiddin Zoirov (-52 kg) va Elnur Abduraimov (-63 kg) ilk janglarni muvaffaqiyatli o‘tkazgan, 31 iyul kuni chorakfinal yo‘llanmasi uchun janglarda qatnashadi. Zoirov Kabo-Verde vakili Varela de Pina Daniyel Devidga qarshi ringga chiqadi, Abduraimovning raqibi tojikistonlik Bahodir Usmonov bo‘ladi.

Bundan tashqari, ayollar jamoasidan Rayhon Qodirova (-60 kg) 30 iyul kuni nimchorak finaldan bahslarga qo‘shiladi. Uning ilk raqibi kongolik Yumba Naomi bo‘ladi.

Bugun dzyudo jamoasining yana bir vakili, -100 kg vazn toifasida ishtirok etgan Muhammadkarim Xurramov ham medalsiz qoldi. U dastlabki bosqichda irlandiyalik Benjamin Fletcherni yengdi, ammo nimchorak finalda yaponiyalik jahon chempioni Aron Volfga mag‘lub bo‘ldi.

Mavzu
Tokio Olimpiadasi
Pandemiya tufayli qoldirilgan 2020 yilgi Yozgi Olimpiada 2021 yil 23 iyulida Yaponiyaning Tokio shahrida rasman boshlanadi.
Barchasi
Top