Oqtoğ va Qoratoğ örtasida joylaşgan Çuya qişloği gözal tabiati bilan tillarga tuşgan. Olimpiada sovrindori Davlat Bobonov – toğlar orasidagi ana şu qişloq farzandi.
Köplab musobaqalarda yuqori natija qayd etgan sportçi haqiqiy ma'noda çuyaliklarning faxriga aylangan. Uning keçagi ğalabasi esa nafaqat ota-onasi va yaqinlari, balki butun qişloq ahli uçun unutilmas voqea böldi.

“Özi kuraşçilar oilasimiz. Turmuş örtoğim ham, bolalarim ham kuraşgan, – deydi sportçining buvisi Mukarram Bobonova. – Bu nabiram yoşligidan boşqaça edi. Qişloqlarda kuraşib, solimlar olib kelardi. Gohida tinç yur, öntalab kuraşma, derdim. Darslarni ham yaxşi özlaştirardi, a'loçi edi. Bobosi sportga berganida ham norozi bölganman bilimi yaxşi buning deb. Keyin Samarqanddagi sport maktabiga berdik.
Mana, bugun biz kutgandan ham ortiqroq yutuqlarni qölga kiritmoqda. Özi bölmadi bu yutuqlarning, juda qiynalib, maşaqqat bilan erişdi. Vazn yöqotiş paytida qöşilib yiğlagan kunlarimiz ham böldi. Şukr, mana közlagan manziliga yetdi. Ammo rahmatli bobosi körolmadi, mana, biz köryapmiz”.

Davlat Bobonov 1997 yil 7 iyun kuni tavallud topgan. Otasi Husniddin Bobonov öşa paytlarda savdo-sotiq bilan şuğullangan va oilasi bilan Toşkent şahriga köçib ketgan. Olimpiada sovrindorining yoşligi Toşkentda ötgan.
U poytaxtdagi 243-umumta'lim maktabida tahsil olgan. 12 yoşidan Samarqand olimpiya zaxiralari kollejida, keyinçalik Samarqand davlat universitetida öqigan. Köplab musobaqalar ğolibi, Özbekiston va Osiyo çempioni. Hozirgi kunda dzyudo böyiça Özbekiston milliy terma jamoasi a'zosi hisoblanadi.
Davlatning otasi Husniddin Bobonov nomdor kuraşçilarga havas qilib, öğlini sport maşğulotlariga berganini aytadi.

“15 yildan beri niyat qilib yurgan medalimizga erişdik. Quvonçimiz çeksiz. Buni tasvirlab berolmayman. Abdulla Tangriyev, Rişod Sobirov, Ramziddin Saidov kabi katta kuraşçilarga havas qilib öğlimni sport maktabiga berganmiz. Davlatning dzyudoga kirib kelişiga amakisi, kiçik ukam Şahobiddin Bobonov sababçi bölgan. 6 yoşdan 12 yoşgaça uning qölida tarbiyalangan. Mana, Özbekiston, Osiyo çempioni bölib, şu darajaga yetişdi”, – deydi ota.


















