Qayd etilishicha, asosiy stavka 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirilib, foiz koridori +/-2 foiz bandgacha kengaytirilishi – iqtisodiyotda narxlarni oshiruvchi xatarlarning ortishi va pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning keskinlashib borishi sharoitida joriy yil uchun inflatsiyaning prognoz ko‘rsatkichlariga erishish hamda iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlash o‘rtasidagi muvozanatni saqlash maqsadi bilan bog‘liq.

Bunda, iqtisodiy faollik va yalpi talabning kutilganidan ko‘ra tezroq sur'atlarda o‘sishi, iqtisodiyotga yo‘naltirilayotgan moliyaviy resurslar hajmining sezilarli darajada oshgani, inflyatsion kutilmalarning yuqoriligi va oziq-ovqat mahsulotlari taklifi bilan bog‘liq inflyatsion xatarlar joriy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolishni hamda uning instrumentlariga ma'lum bir o‘zgartirishlar kiritishni taqozo etmoqda.

Iqtisodiy faollik va yalpi talab

Joriy yilning II choragi bo‘yicha mamlakatda iqtisodiy faollikning jadallashishi davom etib, aksariyat tarmoqlarda o‘sish ko‘rsatkichlari pandemiyagacha bo‘lgan darajaga yetdi.

2021 yilning I yarim yilligida yalpi ichki mahsulot real hajmda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,2 foizga oshdi. Ushbu yuqori o‘sish ko‘rsatkichi, birinchidan, 2020 yilning yanvar-iyun oylaridagi past baza effekti bilan, ikkinchidan, fiskal rag‘batlantirishlar va iqtisodiyotga yo‘naltirilgan kreditlar hisobiga yalpi talabning qo‘llab-quvvatlanishi bilan izohlanadi.

Bunda, iqtisodiyotning sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida o‘sish sur'atlarining (mos ravishda 8,5 va 18,3 foiz) pandemiyagacha bo‘lgan davr ko‘rsatkichlarigacha yetgani kuzatilgan bo‘lsa, qishloq xo‘jaligi (1,8 foiz) va qurilish ishlari (0,1 foiz) sohalarida 2020 yilda yuqori o‘sish sur'atlari saqlanib qolingani hisobiga joriy yilgi ko‘rsatkichlarda sezilarli o‘sish kuzatilmadi, mazkur ko‘rsatkichlar ikkinchi yarim yillikda yaxshilanishi kutilmoqda.

Iqtisodiyotda talab hajmining o‘sib borishi, o‘z navbatida, iste'mol tovarlari ishlab chiqarish hajmining o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,7 foizga, chakana savdo aylanmasining 9 foizga oshishida ham namoyon bo‘ldi.