Joriy yil fevral oyida tumandagi Navshahar mahallasi ahliga xizmat ko‘rsatib kelgan Angor tumanidagi 3-son QOPni kapital ta'mirlash ishlari boshlanadi. Loyiha uchun tuman hokimligi budjetidan 1 mlrd 400 mln so‘m ajratilgani ma'lum qilingan. Ammo ta'mirlash ishlari o‘z vaqtida amalga oshmagach, hudud aholisi noqulayliklar sababli o‘z e'tirozini bildirgan.
Angor tuman hokimligi aholi murojaatiga javoban joriy yilning 2 may kuni hokimlik Telegram-kanali orqali rasmiy munosabat bildirgan. Unda keltirilishicha, o‘sha vaqtda kapital ta'mir 30 foizga bajarilgan va bir oy muddatda ish yakunlanishi ma'lum qilingan. Oradan ikki oy o‘tdi, ammo yangi poliklinikadan darak yo‘q.


Poliklinika vaqtincha mahalla binosiga ko‘chirilgan, hozir ham o‘sha yerda faoliyatini davom ettirmoqda. MFY xodimlari ham, profilaktika inspektori ham shu binoda ishlaydi. 19 iyun kuni tuman hokimligi bu borada yana bir bayonot beradi. Unda poliklinika qurilishi moliyaviy muammo sabab to‘xtab qolgani, lekin ishlar yana tiklangani aytilgan. Qiziq, 1,4 milliard so‘m pul ajratilgan bo‘lsa, yana qanday moliyaviy muammo bo‘lishi mumkin?

«Biz ham sifatli tibbiy xizmat olishga haqlimiz. Lekin o‘zi yordamga muhtoj bu oilaviy poliklinika odamlarga qanday sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatsin? Bu yerga kelganlar hozir davolanishdan ko‘ra kasallik yuqtirishi ehtimoli yuqori», deydi navshaharliklardan biri.
Angor tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sherali Mirzayev bilan telefon orqali bog‘landik. U ayni vaqtda poliklinikani ta'mirlash uchun mablag‘ yo‘qligini ma'lum qildi. Mirzayevning aytishicha, bu haqda viloyat hokimligiga xabar berilgan.
Qiziq, bundan ikki oy avval hokimlik QOPni kapital ta'mirlash uchun 1 mlrd 400 mln so‘m ajratildi, bir oyda ish yakunlanadi, deganda nimani nazarda tutgandi? Umuman, osonlikcha va'da berilayotganda uning ijrosi, ertaga so‘ralishi mumkinligi haqida kimdir o‘ylab ko‘rganmi?

















