Yil boshidan buyon O‘zbekistonda benzin narxi 17 foizga oshgan va narx o‘sishi barqarorlashmayapti.
Ma'lumotlarga ko‘ra, 2021 yilning yanvar-iyun oylarida avtomobil benzinining narxi 17 foizga o‘sgan. O‘tgan yilning iyun oyiga nisbatan esa narxlarda 38,8 foizga o‘sish kuzatilgan.
Asosiy tovar va xizmatlar narxlariga qaraydigan bo‘lsak, birinchi keskin o‘sish o‘simlik yog‘larida bo‘lsa, benzin narxi sezilarli o‘sishda ikkinchi o‘rinni egallamoqda.

O‘tgan hafta davomida OPEC+ davlatlarining neft qazib olish miqdorini oshirish borasidagi kelishuvidan so‘ng, neft narxida qisqa muddatli arzonlash kuzatildi. Bu avtomobil benzinida importga nihoyatda bog‘liq bo‘lgan O‘zbekiston bozorida 80 markali benzin narxi arzonlashi borasida signal bo‘lishi mumkin edi. Biroq O‘zbekistonda narxlarda o‘zgarish deyarli sezilmadi.
O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasida qisqa muddatli pasayish paytida (19 iyul) narx 0,4 foizga arzonlaganini ko‘rish mumkin.
Iyulning so‘nggi 10 kunligida jahon bozorida narxlar yana oshishni boshladi, oy oxiriga kelib bir barrel neft narxi 75 dollargacha ko‘tarildi. Bu O‘zbekiston bozoriga ham ta'sir qilishi turgan gap.
Markaziy bank Pul-kredit siyosati departamenti direktori Nodirbek Ochilov Kun.uz'ga bergan intervyusida ayni damdagi yonilg‘i narxlariga oid tendensiya haqida gapirdi.
“Nooziq-ovqat tovarlar narxi o‘sishi tarkibida yonilg‘i mahsulotlari narxi ko‘tarilishi katta o‘rinni egallaydi. Bunda benzin va propan narxlari yetarli darajada o‘sish sur'atlarini ko‘rsatmoqda. Bu birinchidan tashqi bozordagi narxlarning oshishi bilan izohlanadi. Yil boshidan beri neft narxi 40 foizdan ko‘proqqa o‘sdi. Jahon iqtisodiyoti tiklanishi bilan bevosita logistika, transport bo‘yicha faollashish kuzatildi. Bu o‘z navbatida neft mahsulotiga bo‘lgan talabni oshiradi.
















