1 avgustdan bojxonada qanday imtiyozlar joriy etiladi?

«Hukumatning 2021 yil 8 iyuldagi «Bojxona ma'muriyatchiligi va tartib-tamoyillarini yanada soddalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori va uni tadbirkorlarga yetkazadigan foydasi haqida aytib o‘tsam.

Qaror manfaatdor vazirliklar bilan hamkorlikda, tadbirkorlarning talablaridan kelib chiqqan holda eksportga keng yo‘l ochish maqsadida ishlab chiqildi. Avval ham ittifoq davridan keyin qabul qilingan «Toleng kontraktlari» degan rejim bo‘lgan. Lekin uni deyarli ishlatish imkonsiz edi. Sababi unda buyurtmachi bo‘lishi kerak va tadbirkorlarimiz faqatgina xizmat ko‘rsatadigan mavqeda turib qolardi. Shu nuqtayi nazardan avvalgi qaror ishlamasdi. Yangi qaror bo‘yicha esa tadbirkor xomashyoni o‘zi sotib olishi, maxsus bojxona shartnomalari asosida olib kelishi, QQS, aksiz va boj to‘lamasdan xomashyoni qayta ishlab 180 kun ichida eksportga yo‘naltira olishi mumkin. Yuqoridagi soliqlardan ozod qilinishi, mahsulot tannarxiga bevosita ta'sir etuvchi omil hisoblanadi.

Ikkinchi tarafdan, tadbirkor savdo-sotiq bilan shug‘ullanishi mumkin. Erkin bojxona ombori statusida xorijdan mahsulotni sotib olib, import    erkin savdoga chiqarish rejimiga qo‘ymasdan turib, uni ikkinchi yoki uchinchi mamlakatga eksport qilib yuborishi mumkin. Bu ham tadbirkorlarni QQSdan ozod qiladi.

Avval reeksport qilmoqchi bo‘lgan tadbirkor mahsulotni olib kirib, QQS to‘lardi, erkin savdoga chiqarib keyin chetga eksport qila olardi. Endilikda qaror bilan bu tartib ancha soddalashtirildi. Natijada Sharqiy Osiyo, Pokiston, Afg‘onistondan mahsulotlarni sotib olib Yevropaga sotishimiz imkoniyati yaratildi. Hozirgi vaqtda kema orqali yuk tashishga 40 kun ketsa, O‘zbekistondan Yevropaga mahsulotlarni yetkazib berish maksimal tezligi 7-8 kunni tashkil etyapti. Temir yo‘llarning jozibadorligi yuk tashuvlarida yildan yilga o‘sib boryapti, shu ma'noda qaror xalqaro savdo bilan shug‘ullanishda qo‘l kelishi shubhasiz.

Qaror xalqaro raqamli tijorat – digital trading uchun ham muhim o‘rin tutadi. Chunki tadbirkor mahsulotni ishlab chiqarib maxsus bojxona omboriga olib chiqib qo‘ya oladi. Chet eldan buyurtma kelgan zahoti mashinalarga yuklab chiqarib yuboradi. Raqamli tijoratda bir kun ham muhim rol o‘ynaydi. Misol uchun, Yevropadan kelgan buyurtmani 8 kun emas, 7 kun ichida yetkazib beradigan bo‘lsa bu tadbirkorga yanada ishonchni oshiradi. Shu ma'noda qaror raqamli tijoratni rivojlantirishda ijobiy rol o‘ynaydi.