2021 yil 17 iyul kuni kechqurun Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib ketayotgan Kobalt avtomobili yo‘ldan chiqib ketib, yo‘l chetida joylashgan do‘konga borib uriladi. Natijada fuqaro Bekzod Mamadaliyevga jiddiy jarohat yetadi.
Ma'lum bo‘lishicha, Kobalt haydovchisi – Toshkent shahar IIBB Shayxontohur tumani IIO FMB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘limi xodimi podpolkovnik J.J. bo‘lib chiqadi.
“Kechqurun tanishlarim bilan do‘kon oldida o‘tirgandik. Birdan hamma yoq ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketdi. Nima bo‘lganini anglolmay qoldim. Bir vaqt qarasam, avtomobil bilan do‘kon orasida qisilib qolganman. Yaqinlarim meni bir amallab chiqarib olishdi. Shu zahoti kasalxonaga olib borishdi. O‘sha yerda bildimki, falokat natijasida tos suyagim singan ekan.
Keyinroq videotasvirdan guvohi bo‘ldimki, katta yo‘ldan chiqib ketgan Kobalt ustimizga otilib kelgan. Avtomobil meni urib, do‘kon devorigacha surib borgan va devorga qisib qo‘ygan. O‘sha vaqtda yonimdagilarga omad kulib, boshqa hech kimga jarohat yetmagan”, – deydi jabrlanuvchi Bekzod Mamadaliyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mas'ul xodimlar voqeadan bir hafta o‘tibgina ekspertizaga kelgan. Ekspertiza uning jarohatini og‘ir tan jarohati deb topgan.
U ekspertizaning cho‘zilganini tergovga qadar tekshiruvni kim olib borishi mavhum bo‘lib turgani bilan izohladi.
“Bunga sabab – meni urib yuborgan xodim go‘yoki o‘sha kuni, ya'ni 17 iyulda ichki ishlar tizimidan ishdan bo‘shagan bo‘lgan. Bu haqda keyinroq eshitdik. Biroq men bunga ishonmayman. Tushunishimcha, xodim avtofalokat sodir bo‘lishi bilanoq ishdan bo‘shatilgan.
Agarda u ichki ishlar xodimi sifatida tergovga jalb etilsa, jinoyat ishini prokuratura yuritishi, organda ishlamaydigan fuqaro sifatida jalb etilsa, jinoyat ishini IIBBning o‘zi olib borishi lozim edi. Yakunda u oddiy fuqaro sifatida jinoyat ishiga jalb etildi. Shu tufayli hozirda tergovni IIBB tergovchisi olib boryapti”, – deydi Bekzod Mamadaliyev.
Kun.uz'ga ma'lum bo‘lishicha, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining 2021 yil 17 iyul sanasi bilan rasmiylashtirilgan buyrug‘iga asosan J.J. xizmatdan bo‘shatilib, pensiyaga chiqarilgan.















