AQShda mahalliy, asosan hududiy bosma va elektron nashrlarni saqlab qolish bo‘yicha hukumat darajasida harakat boshlandi. Vashington, Oregon va Arizonadan saylangan uch nafar senator «Hududiy jurnalistikani qo‘llab-quvvatlash» to‘g‘risida qonun loyihasini taqdim etishdi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi borgan sari «sindirayotgan» mahalliy gazetalarni saqlab qolish bo‘yicha muayayn takliflar berilgan. Quyida ushbu qonun loyihasi va AQShda unga bo‘lgan munosabat haqida o‘qiysiz.
Bunday qonun nimaga kerak?
Koronavirus pandemiyasi dunyo iqtisodiyotiga kuchli zarba berdi. Xususan, ko‘p davlatlarda bosma OAV ham jiddiy zarar ko‘rmoqda. Hatto dunyoning eng boy davlati AQShda ham. Bir tomondan, gazeta kabi an'anaviy OAV iqtisodiy tang holatga kelib qoldi, boshqa tomondan pandemiya odamlarda ma'lumotga bo‘lgan ehtiyojni keskin oshirdi. Odamlar to‘liq o‘rganilmagan virus haqida ko‘proq va aniqroq ma'lumot qidira boshladi.
Bunday kutilmagan shiddat esa OAV bozorining oyog‘ini osmondan qilib yubordi. Insonga qandaydir ma'lumot juda zarur, lekin ko‘chaga chiqish taqiqlangan, odamlar orasiga kirish ham tavakkali bor ish. Bu vaqtda internet bozorning tobora katta qismini egallay boshladi. Shundoq ham internetga yutqazayotgan gazetchilik esa jiddiy zarbaga uchradi.
Bu holatni O‘zbekistonda ham ko‘rish mumkin: pandemiya vaqtida gazetalarning tiraji keskin tushib ketdi, internet saytlarning o‘quvchilari yanada oshdi. Ayrim gazetalar dastlabki karantin e'lon qilinishi bilan chop etilmay qoldi.
Matbuotni o‘z demokratiyasining asosiy omillaridan biri deb hisoblovchi amerikaliklar esa bu holga jim qarab turishmadi. Albatta, u yerlarda yechim sifatida majburiy obunaga murojaat qilinmaydi, har doimgidek, zamonaviy odamlar kabi xolis va oqilona to‘g‘ri yo‘l izlandi.
Pandemiya vaqtida eng katta muammolardan biri — yolg‘on ma'lumot tarqatish, dezinformatsiya ekanligi aniq bo‘ldi. Masalan, O‘zbekistonda vaksina haqidagi turli bo‘lmag‘ur, asossiz mish-mishlar emlanmoqchi bo‘lganlar sonining oshmayotganiga sabab bo‘lmoqda. Matbuot hozir eng kerak bo‘lgan paytda uning yo‘qlik tomon yuz tutishiga jim qarab turib bo‘lmaydi, deb o‘ylayotgan amerikaliklar ko‘p ekan. Shunday insonlardan uch nafari qonun loyihasini ishlab chiqishdi.
















