O‘zbekiston | 10:29 / 14.08.2021
7141
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryo hokimi qabuliga kelgan fuqarolar uchun sarflangan xarajatni tuman hokimliklari to‘lashi ma'lum qilindi

Qashqadaryo viloyatida Zoir Mirzayev qabuliga kelgan fuqarolar uchun sarflanadigan mablag‘ ular yashaydigan tumanning hokimliklari tomonidan qoplanishi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyati hokimi Xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdagi sessiyasida fuqarolarni qabul qilishning yangi tartiblari joriy etilayotganini ma'lum qilgan. Unga ko‘ra, viloyat hokimi qabuliga kelgan fuqarolar uchun alohida xona tashkil etiladi. Qabulga kelgan fuqarolarga xonada choy, kofe va turli shirinliklar beriladi. Oy yakunida esa har bir tuman va shahar hokimlari o‘zi boshqarayotgan tuman yoki shahardan nechta fuqaro qabulga kelgan bo‘lsa, ularga qilingan xarajatni viloyat hokimligiga to‘lab beradi.

«Har oy oxirida hokimlarga xat yuborib, «Bu oy tumaningizdan qabulga shuncha fuqaro keldi va shu fuqarolar uchun shuncha xarajat qilindi», deb sarf-xarajatni ko‘rsatamiz. Hamda pulini hokimdan olamiz», — degan Zoir Mirzayev.

Bundan tashqari, Zoir Mirzayev viloyat hokimi huzuriga qaysi tumandan fuqaro kelsa, o‘sha tuman hokimi yoki viloyatdagi tashkilot, boshqarma boshlig‘i uzoqroqda bo‘lsa ham, Zoom orqali qabulga bog‘lanishini va fuqaro duch kelayotgan muammoning yechimi haqida ma'lumot berishini ma'lum qilgan.

«Bunday tartibda ishlashdan maqsad hokimlarni sergaklikka chaqirish va viloyat hokimligiga qabul uchun kelayotgan fuqarolarni monitoring qilish. Kecha 20 nafar murojaatchi kelib, «Bizga arzonlashtirilgan uy-joy bering», deyapti. Ularni qabul qilib uy-joy berish masalasi hokimlik zimmasidan olinganini, arzon uy-joy xaridiga falonchi tashkilot mas'ul deb yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdik. Fuqarolar: «Tumanda bizga shuni tushuntirmagan-da», deb chiqib ketyapti. Ko‘ryapsizmi, fuqaroga bir og‘iz to‘g‘ri gapni, maslahatni bermaydigan rahbarlar ham bor», – degan viloyat rahbari.

Mavzuga oid