Professor Frensis Fukuyama – AQShning Stenford universiteti qoshidagi, Friman Spogli nomidagi Xalqaro tadqiqotlar institutining katta ilmiy xodimi. U mazkur institut huzuridagi Demokratiya, taraqqiyot va qonun ustuvorligi markazining direktori.
Taniqli olim iqtisodchi Behzod Hoshimovning “Hoshimov iqtisodiyoti” loyihasiga bergan intervyusida Markaziy Osiyo va O‘zbekistonning rivojlanishiga oid fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Quyida Fukuyamaning intervyudagi fikrlaridan ayrim parchalar keltirib o‘tiladi.
“Iqtisodiy o‘sish inson kapitalining rivojlanishiga bog‘liq”
— O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishi bo‘yicha ba'zi qo‘shnilariga qaraganda unchalik yomon natijaga erishmadi. Ammo menimcha, o‘sish barqaror emas, chunki u nisbatan kam miqdordagi xomashyo tovarlariga asoslangan.
O‘ylashimcha, jamiyatning uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishi ko‘p hollarda inson kapitali rivojlanishiga bog‘liq. Bu masala esa asosan ta'limga borib taqaladi.
O‘zbekistonning Uzoq Sharq, Yevropa va Yaqin Sharq o‘rtasidagi o‘zaro bog‘lovchi vazifasini bajarish potensialidan foydalanish masalasi. Xabaringiz bor, O‘zbekiston – Si Tszinpinning “Bir kamar – bir yo‘l” tashabbusining bir qismi. Kelajakda mazkur yo‘nalish bo‘ylab qayta ishlash terminali sifatidagi faoliyat o‘sishning bir manbayi bo‘lishi mumkin.
Ammo haqiqatan ham har qanday jamiyatning o‘sishi uning odamlari, ularning olgan bilim darajasi va tashqi dunyo bilan aloqalariga bog‘liq. O‘zbekistondagi asosiy muammo mana shu masalada bo‘ladi degan fikrdaman.

Institutlarni isloh qilmay turib, inson kapitalini qanday yaxshilash mumkin?
— Ba'zan juda kuchli siyosiy institutlari yo‘q, asosan xomashyo ishlab chiqaradigan mamlakatlarda ham o‘sishni kuzatish mumkin. Institutlar esa ba'zan keyinroq paydo bo‘lishi mumkin. Bunday jarayonlar qat'iy ketma-ketlik asosida sodir bo‘lishi shart emas.
[...] Mamlakat rivojlanishi jarayonida sodir bo‘ladigan hodisalardan biri – inson kapitalining o‘sishi. Taraqqiyot davomiyligini ta'minlash uchun sizga universitet ta'limini olgan, umumiy savodxonlik darajasi, bazaviy matematika va boshqa shunga o‘xshash ko‘nikmalarga ega insonlar kerak bo‘ladi. Muvaffaqiyatli modernizatsiyaga erishgan har qanday jamiyat o‘z aholisida ushbu ko‘nikmalarni rivojlantirishga e'tibor qaratgan, deb o‘ylayman. Menimcha, bular – uzoq muddatli rivojlanishga olib boruvchi ba'zi omillardir.















