O‘zbekiston | 08:59 / 17.08.2021
32485
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident hududlarga tashrifi paytidagi ko‘zbo‘yamachiliklar haqida gapirdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorovga intervyu berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati (arxiv)

Davlat rahbari suhbat davomida hududlarga tashrifi paytidagi ko‘zbo‘yamachiliklar haqida ham gapirib o‘tdi.

“Afsuski, necha bor aytishim, ogohlantirishimga qaramasdan, joylarda faqat mening tashrifim oldidan ko‘cha va maydonlarni tozalash, bir kechada binolar oldida “maysazor” va “gulzor”lar paydo qilish, umuman, haqiqiy holatni bo‘yab ko‘rsatishdek xo‘ja ko‘rsin ishlar davom etmoqda. Ko‘zbo‘yamachilik, odamlarni qiynash, soxta va balandparvoz gaplarga o‘chlik yillar davomida ba'zi rahbarlarning qon-qoniga shu qadar singib ketgan ekanki, ulardan qutulish qiyin bo‘lyapti. Lekin qanday bo‘lmasin, bu kabi illatlarga butunlay chek qo‘yishimiz kerak. Chunki bunday holatlar rostgo‘y, soxta gap va ishni umuman qabul qilmaydigan xalqimizning asl tabiatiga mutlaqo yotdir.

Mahalliy hokimiyat idoralarining ishi Prezident kelib ketishi bilan tugamasdan, aksincha, tashrifdan keyin yangitdan boshlanishi, hatto oldingidan ham ko‘payishi lozim. Shundagina ishimizda sur'at va sifat bo‘ladi, natija uchun ishlashga o‘rganamiz. Ilgari hokimlar tashrifdan tashrifgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida bamaylixotir, ta'bir joiz bo‘lsa, yallo qilib yurardi, endi esa ular o‘z oldiga aniq maqsad va vazifa qo‘yib, xalq bilan maslahat asosida astoydil ishlamoqda. Chunki ular biladi: Prezident kelgusi safar albatta har bir masala bo‘yicha aniq natijani so‘raydi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.  

Mavzuga oid