O‘zbekiston | 16:26 / 19.08.2021
2316
2 daqiqa o‘qiladi

Qarshida pnevmoniyadan davolanayotgan homilador ayol qarovsiz qolgani tufayli vafot etgani aytildi. Viloyat SSB holatga munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Shahrisabz tumanida yashovchi homilador ayol viloyat kasalxonalaridan birida kislorodga ulangan holda tez tibbiy yordam mashinasida ikki soat yordam berilmasdan qolib ketgani haqida videolar tarqaldi. Mazkur vaziyat yuzasidan Qashqadaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi munosabat bildirdi.

Munosabatda yozilishicha, videoda aks etgan holat viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markazi binosi oldida bo‘lgan. O‘sha holat bemorni ushbu shifoxonaga qabul qilish emas, balki shu yerda davolanayotgan bemor ayolni boshqa muassasaga ko‘chirish vaqtida sodir bo‘lgan.

Qayd etilishicha, joriy yil 31 iyul kuni soat 12:15larda viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markazida COVID-19ning og‘ir kechishi hamda pnevmoniya tashxisi bilan davolanayotgan shahrisabzlik, 39 yoshli bemor Ya.N. homilasini tug‘dirib olish uchun viloyat perinatal markaziga o‘tkazilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video xuddi shu paytda, kislorodga muhtoj bemor viloyat perinatal markaziga tez tibbiy yordam mashinasida shifokorlar kuzatuvida jo‘natilayotgan paytda tasvirga olingan.

Ta'kidlanishicha, bemor chiqarilgan paytda tez tibbiy yordam mashinasidagi kislorod ta'minoti tizimida favqulodda nosozlik yuzaga kelgan. Nosozlik bartaraf etilgungacha darhol uzaytirgich orqali kislorod konsentratori bilan bemorga kislorod berish tashkil etilgan.

Bu vaqtda mashina yonida markaz reanimatologi va tez tibbiy yordam brigadasi xodimlari bemorni nazorat qilib turishgan. Bir necha nafar mutasaddilar mashinada kislorod ta'minotidagi nosozlikni bartaraf etish chorasini ko‘rishgan.

«Nosozlik ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda aytilganiday 2 soat emas, balki qisqa muddatda tuzatilib, bemor viloyat perinatal markaziga ko‘chirilgan. Bu vaziyat bemorning umumiy holatiga ta'sir o‘tkazmagan. Ko‘rilgan choralarga qaramasdan bemor 3 avgust kuni COVID-19 og‘ir kechishi, pnevmoniya oqibatida vafot etgan», deyiladi munosabatda.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid