Mamlakatimiz Mustaqilligining 30 yilligi bayrami oldidan qator tashkilotlar tomonidan joylardagi hudud va mahallalarda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Xuddi shunday “O‘zbektelekom” AK ham bu kabi xayrli ishlarni keng ko‘lamda amalga oshirib kelmoqda. Joriy yilning 13-avgust kuni kompaniya tomonidan soha xodimlariga yurtimizning Eng ulug‘ va eng aziz bayramiga munosib tuhfa sifatida Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani Qushbegi va Shayxontohur tumanidagi Ibn Sino mavzelarida 210 xonadonli 4 ta to‘qqiz qavatli turar joy binolari topshirilgan edi. Ta'kidlash joiz, shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfutdinov tumandagi obodonlashtirish, xayr-saxovat ishlarida AKT vazirligining hissasini alohida e'tirof etgan edi.


“O‘zbektelekom” AKning «O‘zMobayl» filiali tomonidan Damariq mahallasidagi uy hovlilarida «Work out» ko‘rinishdagi yangi bolalar sport maydonchasi qurilib, atroflari obodonlashtirilib foydalanishga topshirildi. Shu jumladan, 3 ta bolalar maydonchasi ta'mirlandi hamda yana 2 tasi yangidan barpo etildi. Shuningdek, mahalla fuqarolar yig‘ini binosida joylashgan Elektron kutubxonani jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda va u yerga 150 dan ziyod elektron kitoblar sovg‘a qilindi. Ushbu islohotlardan, albatta mahalla ko‘rkam va obod manzilga aylandi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi 8 ta mahallada bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Hozirgi kunga qadar vazirlik Ishchi guruhi tomonidan mazkur mahallalar o‘rganilib, aniqlangan 433 ta muammodan 302 tasi bartaraf etildi. Shu bilan birga, vazirlik tizimidagi korxonalar tomonidan «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» bo‘yicha o‘rganish olib borilib, ushbu daftarlarga kiritilgan fuqarolar bilan tashkil etilgan suhbatdan so‘ng har bir biriktirilgan hududda muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan va kam ta'minlangan oilalar ro‘yxati shakllantirildi. Fuqarolardan jami 11 nafarining bandligi ta'minlandi.

Tumandagi ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta'minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Temir daftar»ga kiritilgan fuqarolarning 13 nafariga moddiy yordam ko‘rsatildi. O‘ta og‘ir sharoitda yashayotgan jami 151 ta oilaga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.


















