Jahon | 09:49 / 20.08.2021
5758
2 daqiqa o‘qiladi

Suvayshni to‘sib qo‘ygan Ever Given kemasi 4 oydan keyin yana u orqali o‘tadi

Mart oxirida Misrdagi Suvaysh kanali orqali kemalar qatnovini 6 kunga to‘liq to‘xtatib qo‘ygan Ever Given kemasi 20 avgustda yana ushbu kanal orqali o‘tadi. Faqat u bu safar orqa yo‘nalishda harakatlanadi.

“Konteynerovoz kanalni shimoldan janub tomon kesib o‘tmoqchi”, deb aytilgan kanal ma'muriyatida. Kema dastlabki manzili – Rotterdamdan ortga qaytadi. U bu yerga kanal bilan bog‘liq barcha moliyaviy masalalar hal qilingandan keyin iyul oxirida kelgandi.

“Kema Port-Saidga bugun kechki payt kiradi, uning kanal orqali o‘tishi ertalab boshlanadi. Kema harakatlanishi vaqtida qo‘shimcha ehtiyot choralari ko‘riladi”, deb ma'lum qilingan xabarda. Ta'kidlanishicha, kemaning kanal orqali o‘tishi 10-12 soat vaqt talab qiladi. Unga har ehtimolga qarshi 2ta buksir kema hamrohlik qiladi.

400 metrlik kema 23 mart kuni kanalning janubiy qismida sayozlikka o‘tirib qolib, kanal orqali harakatlanishni to‘liq to‘xtatib qo‘ygandi. Kemani joyidan siljitish uchun 6 kun talab etilgan. Bu vaqt ichida kanalga kirish joyida 400dan ko‘proq kemadan iborat tirbandlik yuzaga kelgan.

Kanal ma'muriyati kema egasidan yetkazilgan zarar va kemani sayozlikdan olishga ketgan xarajatlar uchun 916 mln dollar kompensatsiya talab qilgan. Ikki tomon yakuniy kelishuvga erishmaguncha kemani ushlab turishga qaror qilingan. Ma'lumotlarga ko‘ra, tomonlar uzoq davom etgan muzokaralardan keyin 540 mln dollar kompensatsiya to‘lanishi haqida kelishuvga erishgan. Ta'kidlanishicha, ushbu summaning 240 mln dollari birinchi bosqichda, qolgan 300 mln dollari esa bir yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lanadi. Kanal, shuningdek, zamonaviy buksir oladi.

Mavzuga oid