O‘zbekiston | 16:43 / 22.08.2021
14918
2 daqiqa o‘qiladi

Forish poligonida Xalqaro armiya o‘yinlari doirasidagi musobaqalar boshlanmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Markaziy harbiy okrugi “Forish” tog‘ poligonida “ArMI-2021” VII Xalqaro armiya o‘yinlari boshlanmoqda.

Bugun, 22 avgust kuni 19:00 da musobaqaning O‘zbekiston mezbonlik qilayotgan “Harbiy-tibbiy estafeta” va “Dala oshxonasi” bellashuvlari start oladi.

22 avgust kungi matbuot anjumanida ma'lum qilinishicha, O‘zbekistondagi musobaqada ikki yo‘nalishda jami 13 davlat vakillaridan iborat jamoalar qatnashmoqda. Bular – O‘zbekiston, Xitoy, Rossiya, Belarus, Vetnam, Myanma, Falastin va Tojikiston harbiy xizmatchilaridan iborat jamoalardir.

22 avgustdan 5 sentyabrgacha davom etadigan “ArMI-2021” Xalqaro armiya o‘yinlarida dunyoning 43 davlatidan 295 ta jamoa ishtirok etmoqda.

Qurolli Kuchlar vakili, podpolkovnik San'at Hoshimovga ko‘ra, musobaqaga Afg‘onistondagi notinch vaziyat ta'sir qilmaydi.

“Avvalambor shuni aytishimiz kerakki, ota-bobolarimizdan qolgan “Qo‘shning tinch – sen tinch”, degan gap bor. Bu borada [xavfsizlikni ta'minlash] bo‘yicha hukumatimiz tomonidan xalqaro me'yorlarga muvofiq barcha choralar ko‘rilgan. O‘yin masalasida ham barcha xavfsizlikni ta'minlaydigan choralar ko‘rib chiqilgan.

Qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyat “ArMI-2021” o‘yinlariga o‘tkazilishiga hech qanday ta'sir qilmaydi”, – dedi San'at Hoshimov.

Mavzuga oid