«Fuqaroning hech qaysi vazir o‘rinbosariga aloqasi yo‘qligi aniqlandi» - IIBB ayol kishi va xodimlar o‘rtasidagi mojaro bo‘yicha ma'lumot berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar IIBB YHXB inspektori tomonidan to‘xtatilgan ayol kishi IIO xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, o‘zini vazir o‘rinbosarining ikkinchi xotini ekanini aytgani tasvirlangan videolavha tarqaldi. Toshkent shahar IIBB tomonidan mazkur holat yuzasidan tekshiruv jarayoni o‘tkazildi.
IIBB xabariga ko‘ra, 2021 yil 30 iyul kuni Uchtepa tumani, KHAY ko‘chasi, Jahon tillari universiteti qarshisida o‘tkazilgan maxsus reyd tadbirida YPX inspektori tomonidan oq rangli «Neksiya-3» rusumli avtoulovga to‘xtash ishorasi berilgan, biroq haydovchi YPX inspektorining qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan o‘z harakatini davom ettirgan. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida mazkur transport vositasi KHAY va Farhod ko‘chalari kesishmasida to‘xtatilgan.
YPX inspektori tomonidan tekshirilganda, transport vositasi haydovchisi 1996 yilda tug‘ilgan E.M. avtotransport vositasini texnik qayd etish guvohnomasidan tashqari boshqa hujjatlarni taqdim eta olmagan.
“Javobgarlikdan qochib-qutilish maqsadida E.M. va uning ukasi, 1999 yilda tug‘ilgan E.U. IIO xodimlarining faoliyatiga to‘sqinlik qilib, janjal ko‘targan”, deyiladi IIBB xabarida.
Bildirilishicha, ushbu fuqarolarga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtoulov vaqtincha jarima maydonchasiga joylashtirilgan va huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan sud tomonidan tegishli jazo choralari qo‘llanilgan.
“O‘tkazilgan tekshiruv jarayonida E.M.ning hech qaysi vazir o‘rinbosariga aloqasi yo‘qligi aniqlandi. Shu o‘rinda fuqarolarga eslatib o‘tamiz, birovning nomini sotib, o‘zini kimningdir qarindoshi deb tanishtirish, janjal ko‘tarish orqali javobgarlikdan qochib qutulib bo‘lmaydi. Qonun oldida barcha barobar”, deyiladi ma'lumotda.
IIV YHXBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, 2021 yil 30 iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudi tomonidan fuqaro E.M. hamda E.U. Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 194-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga BHMning ikkidan bir qismi, ya'ni 122.500 so‘m miqdorida jarima jazosi belgilangan.
Shuningdek, Toshkent shahar IIBB YHXB ma'muriy materiallarni ko‘rib chiqishga mas'ul xodim tomonidan haydovchi E.M.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 135-moddasi 2-qismi tartibida BHMning 5 baravari miqdorida jarima belgilangan.
Mavzuga oid
16:35
1 yanvarga o‘tar kechasi Toshkent metropoliteni ish jadvali 2 soatga uzaytiriladi
00:36 / 22.12.2024
Moskva aeroportida Rossiya ta’lim vazirining sobiq o‘rinbosari qo‘lga olindi
18:02 / 21.12.2024
Faoliyatda qonun buzilishi, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
18:36 / 20.12.2024