26 avgust kuni Xalqaro press-klubda prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga bag‘ishlangan sessiya bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Sessiyada Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mubin Mirzayev soliqdan qochishga yo‘l qo‘ymaslik choralari haqida gapirdi.
“Hozir shunday tizim qilyapmiz, IT texnologiyalarini integratsiya qilib, ulab, birorta soliq to‘lovchi soliqdan qutula olmaydigan qilamiz. Shunda soliq to‘lovchilar qonunni buzib, soliqdan qochish yo‘llarini qila olmaydi”, – dedi Mirzayev.
Bunga javoban tadbirkor Zafar Hoshimov agar adolatli soliq tizimi bo‘lsa, soliq to‘lovchilar soliqdan qochmasligini aytdi.
“Odamlar If qal'asidan qochgan. Soqchining ming poylagani – o‘g‘rining bir poylagani, degan gaplar bor. Shuning uchun adolatli soliq tizimi bo‘lsa, hech kim soliqdan qochmaydi.
Stavka keng qatlamlarga tarqalishi kerak. Masalan, katta stavka qilganda riskning matematik hisobi bor. Qaysidir bosqichdan keyin soliq to‘lovchi qulfga kalit qidira boshlaydi. Adolatli omillar bo‘lishi lozim, davlat pulni bir cho‘ntakda ushlab turib, ikkinchisidan zulm bermasligi kerak. Tadbirkorning puli (QQS) davlatga o‘tib qolsa, bir-ikki haftada tezda qaytarib berishi kabi narsalarning takomillashgani odamlarga xotirjamlik beradi, ko‘ngli to‘q odamga qonun bilan o‘ynashish nega kerak?” – deydi tadbirkor.
Shuningdek, u tadbirkorlar uchun yetarli risklar borligini ta'kidlab, “ortiqchasi ortiqcha”ligini aytdi.
“Tadbirkorlar va davlat o‘rtasidagi ishonch muhim. Tadbirkorlarning hayotida yetarli risk va tahlika bor. Bozor, kurs risklari, valuta risklari haqida ham aytmoqchi edim, lekin uni ham davlat bo‘yniga oladigan bo‘ldi. Bu muloqot emas, ziyofat bo‘ldi. Tadbirkor sifatida mazza qildik.
Tadbirkorlarga halol bo‘linglar deyish shart emas, tadbirkorlar tabiiy halol. Tadbirkorga ortiqcha risk ortiqcha. Topganining orqasidan xotirjam bo‘lib yuradi. Kichkina foiz shunday tadbirkorlarni deb, hammasini yomon deya olmaysiz.
Bir misol aytaman, supermarketlarga kirsa chiqa olmaydigan eshiklar, qo‘riqchilar qo‘yardik, chunki kirgan xaridor o‘g‘irlab olib chiqib ketsa-chi degan xayol bo‘lardi. 2-3 yil bo‘ldi, shu narsalarni olib tashladik. O‘g‘rilik bir foizga ham, yarim foizga ham ko‘paymadi.















