O‘zbekiston | 16:26 / 04.09.2021
8318
5 daqiqa o‘qiladi

«Chaqar»dagi stadion mojarosi: Samarqand shahar hokimligi sudda tadbirkorga yutqazdi va viloyat sudiga apellyatsiya kiritdi

Ijtimoiy tarmoqlarda «Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosarining tog‘asi va sinfdoshi Samarqand shahar hokimi Obloqulov tadbirkor va aholining yerini tortib olmoqda» sarlavhali xabar tarqalgan. Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati mazkur xabar bo‘yicha munosabat bildirdi.

Munosabatda ma'lum qilinishicha, Samarqand shahar hokimi tomonidan 2015 yil 26 may kuni 653-Q-sonli qaror qabul qilingan. Unda «Chaqar» MFYga o‘sha hududda joylashgan tashlandiq, qarovsiz holdagi yer maydonida tadbirkorlarning tashabbusi va yordami bilan, tasdiqlangan zamonaviy arxitektura loyihalari bo‘yicha futbol maydonchasi qurishga ruxsat berilgan. Ammo qurilish ishlari amalga oshirilmagan.

Shu sababli shahar hokimining 2018 yil 8 iyundagi 1101-Q-sonli qarori bilan mazkur yer maydoni «Mehr Al-Bizness» xususiy korxonasiga shaharsozlik loyiha hujjatlari asosida mahalla uchun zarur bo‘lgan bolalar o‘yingohi hamda futbol maydonchasi qurishga ruxsat berish maqsadida shahar hokimining 2015 yil 26 maydagi 653-Q-sonli qaroriga o‘zgartirish kiritilgan.

Ammo bugungi kungacha hududdagi futbol maydonchasida «Mehr Al-Bizness» xususiy korxonasi tomonidan qurilish ishlari olib borilishida aholining roziligi olinmagani, ular bilan kelishilmagani hamda mahalla faollari bilan muhokama qilinmagani uchun «Ustozlar» (sobiq «Chaqar», xalq tilida «Limonadniy») MFY hamda ushbu mahalla fuqarolari qurilish ishlari olib borilishiga mutlaqo noroziligini bildirgan.

Qayd etilishicha, mahalla ahli mazkur futbol maydonchasi hashar yo‘li bilan obodonlashtirilib ta'mirlangani, uni buzib qaytadan o‘rnida yangi futbol maydonchasi hamda bolalar o‘yingohi qurishga ehtiyoj yo‘qligini inobatga olgan holda Samarqand shahar hokimiga 2018 yil 8 iyundagi 1101-K-sonli qarorini bekor qilish va shahar hokimining 2015 yil 26 maydagi 653-Q-sonli qarorini o‘z kuchida qoldirishni so‘rab murojaat qilgan.

Mahalla ahli murojaatidan kelib chiqib, xalq manfaatlari ko‘zlangan holda Samarqand shahar hokimining 2019 yil 22 maydagi 1472-Q-sonli qarori bilan shahar hokimining 2018 yil 8 iyundagi 1101-Q-sonli qarori bekor qilingan. Shundan so‘ng «Mehr Al-Bizness» xususiy korxonasi tomonidan shahar hokimining 2019 yil 22 maydagi 1472-Q-sonli qarorini haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risida sud organlariga murojaat qilingan.

Oxirgi sud instansiyasi qaroriga ko‘ra, «Mehr Al-Bizness» xususiy korxonasining talabi qanoatlantirilgan. Biroq fuqarolar yig‘iniga yer ajratish to‘g‘risidagi qarorning bekor qilinishidan norozi bo‘lgan hokimlik belgilangan tartibga ko‘ra, apellyatsiya berish imkoniyatidan foydalangan holda Samarqand viloyati ma'muriy sudining apellyatsiya sudlov hay'atiga apellyatsiya tartibida shikoyat kiritgan.

«Ayni paytda ushbu apellyatsiya shikoyati Samarqand viloyati ma'muriy sudi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Eslatib o‘tish o‘rinliki, sud mustaqil organ hisoblanadi va uning daxlsizligi qonun bilan kafolatlangan. Shu o‘rinda ta'kidlab o‘tish joizki, xabarda «yer tadbirkorniki», deya bir necha marotaba aytildi. Aslida unaqa emas va tadbirkorga yerga nisbatan hech qanday egalik huquqi berilmagan», deyiladi hokimlik bayonotida.

Hokimlik bayonotida ushbu stadion o‘rni qarovsiz yer ekani aytilgan, biroq Samarqand shahri fuqarolari bu yerda doim yaxshi stadion bo‘lganini biladi va faqat oxirgi yillarda stadion o‘rni qarovsiz bo‘lib qoldi. Google’ning koinotdan tushirilgan ushbu suratlarida stadion hatto 2015 yilgacha yaxshi holatda bo‘lgani ko‘rinadi.

2004
2009
2011
2015
2017
2021
Stadion shahar markazidagi juda qulay yerda joylashgan

Stadion Samarqand shahrining markaziy qismida mini-turnirlar o‘tkazish uchun qulay joy bo‘lgan va u yerda ko‘plab shunday musobaqalar o‘tgan. Futbol ixlosmandlari bu stadionni shahardagi maydoni eng yaxshi stadionlardan biri sifatida eslashadi.

Mavzuga oid