«Tolibon» Panjsherni — Afg‘onistondagi toliblarga taslim bo‘lmay kelgan so‘nggi hududni egalladi. Baland tog‘lar qurshovidagi Panjsher vodiysi markazini egallash uchun uch kun jang olib borildi. Shunday ekan, rasman afg‘on qarshilik harakati tugallandi, uning yetakchilari hali mustahkamlanib olmagan toliblar hokimiyatini ag‘darib, Afg‘onistonda demokratik boshqaruvni tiklashni rejalashtirgandi. «Meduza» bu kurash tarixini qisqacha hikoya qildi va bunday buyog‘iga nima bo‘lishi mumkinligi haqida yozdi.

Qarshilik harakati yetakchilari nimaga umid qilishgandi?
15 avgust kuni Kobul taslim bo‘lgach, toliblar nazoratiga o‘tmagan birgina hudud qoldi - Panjsher Afg‘onistonning 34 viloyatidan biri bo‘lib unga Bag‘lon viloyati tumanlari chegaradosh. Mamlakat shimoli-sharqidagi bu hududda asosan etnik tojiklar yashaydi (Afg‘oniston aholisining to‘rtdan bir qismini tojiklar tashkil etadi).

1975 yildan buyon Panjsher va uning atrofidagi hududlarda harbiylashgan milliy-diniy harakat shakllangan, bu harakat keng muxtoriyat uchun intilgan va bu Afg‘oniston siyosatiga ta'sir ko‘rsatgan. Avvaliga harakatga panjsherlik Ahmad Shoh Mas'ud rahbarlik qilgan. 1980-yillarda u eng mashhur afg‘on dala qo‘mondoniga aylanadi. Mas'ud bir necha ming kishilik jangchisi bilan Afg‘onistonning kommunistik hukumatiga va sovet harbiylariga qarshi turadi. Sovetlar ketib, 1992 yilda kommunistik hukumat qulaganidan keyin — Afg‘onistondagi fuqarolik urushi vaqtida boshqa dala qo‘mondonlari bilan kurash kechadi.

Ahmad shoh Mas'ud 90-yillar o‘rtalariga kelib mamlakat janubida etnik pushtunlar tomonidan radikal g‘oyalarga asoslanib tuzilgan «Tolibon» harakatining ham asosiy dushmani bo‘ladi. Toliblar harakati dala qo‘mondonlari zulmidan to‘ygan Afg‘onistonning aksar aholisi tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, toliblar 1996 yilda Kobulni egallab hokimiyatga keladi, lekin ular Panjsherni olishning uddasidan chiqa olishmaydi.

2001 yil 9 sentyabrida Mas'ud undan intervyu olish niyatidagi jurnalist qiyofasida kelgan terrorchi xudkush tomonidan o‘ldiriladi. Ma'lumotlarga ko‘ra, videokamerasiga bomba o‘rnatilgan qotillarni Usama Bin Lodin jo‘natgan. Bir necha hafta o‘tib — AQShdagi 11 sentabr teraktlaridan keyin — Afg‘onistonga amerikalik harbiylar kirishadi. Ularni Mas'udning safdoshlaridan iborat «Shimoliy alyans» qo‘llab-quvvatlaydi.