Birinchi hikoya

“Suriyada o‘lim bilan hayot bitta tanada yashaydi”

— Suriya haqida avvallari bilmas edik. Xo‘jayinim u paytda Misrda, biz esa O‘zbekistonda yashardik. 2012 yilda u bizni Misrga chaqirgan. Farzandlarim otasiz o‘smasin, o‘zim otasiz o‘sdim, ular ota mehriga zor bo‘lmasin, deb ikki bolamni olib erimning orqasidan ketganman. U yerda 2 yil yashadik, bolalarim maktab va bog‘chaga borishardi. Men ko‘proq uyda bo‘lardim.

Misrda vaziyat og‘irlashib ketgach, Turkiyaga ketishga qaror qildik. 2014 yilda Turkiyada 10 kun turib, u yerdan Suriyada o‘tib ketdik.

Ko‘proq Topqo degan shaharchada yashadik. 2017 yilning mart oylarida biz u yerni tark etishga majbur bo‘ldik. Chunki shaharda vaziyat og‘ir edi. Kurdlar bostirib kirgandan keyin yashagan manzilimizda turish xavfli bo‘lib qolgan. Topqoda, keyin Roqqa degan joyda yashadik. U yerda ham oz muddat yashab, yana manzilimizni o‘zgartirganmiz.

Shaharma-shahar ko‘chib yuraverganmiz. Oxiri Bog‘uzgacha borganmiz. U yerda uylar yo‘q edi, odamlar xandaq (okop) qazib, ichida yashashardi: shunisi xavfsizroq edi. O‘lim ko‘p, ocharchilik hukmron edi. Odamlar tiriklay yonib ketishar, ammo hech kim yordam bera olmasdi. Yurak hovuchlab yashardik, ayniqsa bolalarim bu holatlarni ko‘rib qo‘rqishardi...

Bog‘uz nihoyatda xavfli joyga aylandi – bizning ustimizda barcha qurollarni sinab ko‘rishardi. Kunlarning birida tunda yonimizdagi o‘q-dori mashinasi ustiga raketa kelib tushgan. Hamma yoq yonib kul bo‘ldi. Hammasi xuddi kinolardagidek yuz berdi. Raketa zarbidan otilgan uchqunlar biz turgan xandaqqacha yetib keldi. Bularning hammasi dahshatli edi. Xandaqdan otilib chiqib ketmasak, biz ham yonib ketishimiz mumkin edi. Men farzandlarimni olib chiqib ketdim.

Nariroqda uyg‘urlarning tizza baravar kovlangan xandag‘i bor ekan. Xandaq egalaridan bir kechaga shu yerda tunab qolish uchun ruxsat oldik. O‘sha xandaqda tunni o‘tkazdik. Tuni bilan mijja qoqmay chiqdik. Chunki uxlaydigan holat emasdi. Ayollarning yordam so‘rab chinqirgan ovozlari kelardi atrofdan. Biz ularga yordam berish tugul, hatto xandaqdan chiqa olmasdik. Qo‘limizdan hech narsa kelmasdi. Shifokorlar yo‘q, dori-darmon haqida o‘ylamasa ham bo‘ladi.

Bir chuqurlikda 5 nafar yosh bolalarning yonib ketishi oqibatida skeletlari qolgan, ularning yonida esa onasi a'zolari butun, faqat oyoq tanadan uzilib ketgan holatda turardi.