Yakunlangan hafta xorij chempionatlarida to‘p surayotgan o‘zbekistonlik legionerlar uchun omadli o‘tdi. Yevrokuboklar va OChL oldidan hamyurtlarimiz o‘z klublarida o‘zlarini ko‘rsata olishdi. Eldor Shomurodov «Roma»ning A Seriya peshqadami bo‘lib olishiga yordam bergan bo‘lsa, Jasur Yaxshiboyev Chempionlar ligasi 1-turi oldidan «Sherif» klubi safidagi debyutida o‘z nomiga gol yozdirib qo‘ydi. Xorijdagi legionning dam olish kunlaridagi natijasi bilan tanishing. 

Italiya: Shomurodovda assist, «Roma» A Seriyada 1-o‘ringa ko‘tarildi 

Italiya chempionati 3-turida «Roma» o‘z maydonida «Sassuolo»ni qabul qilib, qo‘shib berilgan daqiqalarda g‘alabani ilib ketdi.  

Birinchi bo‘limda Kristante hisobni ochdi, ikkinchi bo‘lim boshida Jurichich muvozanatni tikladi. 74-daqiqada Dzanolo o‘rniga zaxiradan maydonga tushgan Shomurodov 90+1-daqiqada jarima maydoni ichida El-Shaaravini to‘p bilan ta'minladi, Stefan esa supergol urib, rimliklarga muhim 3 ochkoni keltirdi.  

Natijada, «Roma» ochkolarini 9taga yetkazib, to‘plar nisbatiga ko‘ra A Seriyada peshqadam bo‘lib oldi. Rimliklar navbatdagi o‘yinda payshanba kuni Yevropa Konferensiyalar ligasi 1-turi doirasida Bolgariyaning TsSKA klubiga qarshi maydonga tushishadi.

Moldova: Yaxshiboyev debyutida gol va assistga mualliflik qildi 

Moldova milliy divizioni 9-turi doirasida «Sherif» o‘z maydonida «Petroklub» jamoasini qabul qilib, 2:0 hisobida zafar quchdi. 

Shu kuni Tiraspol klubi safida Jasur Yaxshiboyev o‘z debyutini o‘tkazdi. O‘zbekistonlik 24 yoshli hujumkor yarimhimoyachi zaxiradan maydonga tushib, 71-daqiqada golga assistentlik qilgan bo‘lsa, 77-daqiqada yangi klubidagi ilk golini kiritdi. 

«Sherif» navbatdagi o‘yinni Yevropa Chempionlar ligasi 1-turi doirasida o‘z maydonida «Shaxtyor»ga qarshi o‘tkazadi. Bahs chorshanba kuni soat 21:45da boshlanadi.