AQSh, Britaniya va Avstraliya AUKUS mudofaa alyansini tashkil etdi
AQSh prezidenti Jo Bayden, Avstraliya va Britaniya bosh vazirlari Skott Morrison va Boris Jonson mudofaa sohasida uch tomonlama hamkorlik alyansi – AUKUS tashkil etilishini e'lon qilishdi.
“Avstraliya, Britaniya va AQSh hamkorligi – AUKUS abbreviaturasi biroz g‘alati yangrasa-da, biroq bu yaxshi. Davlatlarimiz XX asrdagi kabi XXI asrda ham tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish qobiliyatimizni yangilaydi va mustahkamlaydi”, deb aytgan yangi alyans taqdimotida Bayden.
“Ushbu tashabbus har birimizni jadal rivojlanayotgan tahdidlardan himoyalanish uchun zarur bo‘lgan eng zamonaviy imkoniyatlar bilan ta'minlashga qaratilgan”, deb ta'kidlab o‘tgan AQSh prezidenti.
O‘z navbatida, Avstraliya bosh vaziri “dunyo borgan sari, ayniqsa Hind-Tinch okeani mintaqasi murakkablashib ketayotgani”ni aytgan. Uning ta'kidlashicha, “ushbu mintaqa ehtiyoj sezayotgan xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlashga yordam berish uchun o‘zaro hamkorlikni yangi darajaga ko‘tarish zarur”.
“AUKUS texnologiyalarimiz, olimlarimiz, sanoatimiz, mudofaa kuchlarimiz pirovard natijada hammaga foyda keltiradigan yanada xavfsiz mintaqani tashkil etish uchun ishlaydigan sheriklikdir”, deb ta'kidlab o‘tgan Avstraliya bosh vaziri.
Tomonlar Avstraliyani suvosti kemalari bilan ta'minlash yangi hamkorlikning birinchi tashabbusi bo‘lishini aytishgan. Ta'kidlanishicha, “bu Hind-Tinch okeani mintaqasida barqarorlikka yordam beradi”.
“Biz yadro quroli bilan ta'minlangan suvosti kemalari haqida gapirmayapmiz. Gap oddiy qurol bilan ta'minlangan yadro reaktorli suvosti kemalari haqida bormoqda”, deb ta'kidlab o‘tgan Oq uy rahbari.
Shunday fikrni Avstraliya bosh vaziri ham bildirgan. “Biz bu suvosti kemalarini Adelaidada Britaniya va AQSh bilan yaqin hamkorlikda qurmoqchimiz”, deb qo‘shimcha qilgan Morrison.
Yangi alyans tuzilishi natijasida Avstraliya Fransiya bilan suvosti kemalari yetkazish bo‘yicha ko‘p milliard dollarlik shartnomadan chiqqan. Bayden buning ortida Fransiya bilan mintaqada yaqindan hamkorlik qilinishiga umid bildirgan.