Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Pekin va Moskvaning o‘yini. Putin nega ShHT va KXShTning Tojikistondagi sammitida qatnashmadi?
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning oxirgi daqiqalarda ShHTning Tojikistonda o‘tkaziladigan sammitiga bormaslikka qaror qilgani qator savollarni keltirib chiqardi.
Putin 15 sentyabr kuni Dushanbeda boshlangan ShHT va KXShT sammitlariga bormasligi haqida bir kun avval ma'lum qildi.
U Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan telefon orqali muloqotida atrofidagilar koronavirus yuqtirgani sababli o‘z-o‘zini izolyatsiya qilish rejimiga o‘tishini aytdi.
“Aziya-Plyus” ushbu mavzuda ekspertlar fikrini o‘rgandi.
Nurali Davlatov, jurnalist, siyosatshunos:
— ShHTning yubiley sammitida qatnashmaslik qarori ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘ldi. Buning ustiga, Putin bu haqda bir kun avval ma'lum qildi.
Men karantin bilan bog‘liq rasmiy versiyaga unchalik ishonmayman. Bilishimcha, Putin yozda emlangan va «Sputnik» vaksinasini keng reklama qilgan, shuning uchun Rossiya prezidentining so‘zlari ushbu vaksina uchun antireklama bo‘ldi. Ammo sammitga kelmaslikka bir nechta sabablar bo‘lishi mumkin.
Birinchisi, bayonot XXR raisi Si Tszinpinning sammitda qatnashmasligi ma'lum qilinganidan so‘ng yangradi, shu bois Rossiya prezidenti Xitoy rahbari bormaydigan bo‘lsa, mening ham Dushanbega borishimga hojat yo‘q degan qarorga kelgan deb o‘ylash mumkin.
Ikkinchi sabab shuki, Xitoy va Rossiya «Tolibon» harakati bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatgan, demak, Moskva va Pekinning fikri toliblar bilan hamkorlikka qarshi chiqayotgan rasmiy Dushanbenikiga to‘g‘ri kelmaydi.
Uchinchi sabab shundaki, sammitda Xitoy va Pokiston Hindiston va Tojikiston bilan ziddiyatga borishi mumkin edi. Deyarli barcha mamlakatlar bilan yaxshi munosabatda bo‘lgan Rossiya esa o‘z pozitsiyasini aniq belgilashiga to‘g‘ri kelardi. Chamasi, Putin kutishga qaror qilgan.
Amiri Zamon, siyosatshunos:
— Menimcha, Moskva va Pekin toliblarga nisbatan umumiy pozitsiya borasida kelishib ulgurmagan. Avvaliga Xitoy rahbari, keyin esa Putin Dushanbega borishdan voz kechdi – bu mantiqan to‘g‘ri, chunki asosiy muloqot ular o‘rtasida bo‘lib o‘tishi kerak edi.
Fikrimcha, Pekin va Moskvaning Afg‘onistondagi vaziyat borasida bir-biridan ko‘ngli to‘lmayapti. Moskva toliblarning va'dalariga shubha qilgan, shuning uchun Panjsherdagi qarshilikni yoqlamoqda, ammo xitoyliklar buni xohlamayapti.
O‘z navbatida, Xitoy toliblarni to‘laligicha qo‘llab-quvvatlamoqda. Toliblar Xitoy uchun Afg‘onistondagi beqarorlikning asosiy omili va bu mamlakatdagi investitsion loyihalarni amalga oshirish uchun to‘siq hisoblangan.
Ularning fikricha, agar toliblar bilan kelishuvga erishilsa, bu omil yo‘q bo‘ladi va Afg‘onistonda Pekin uchun yangi imkoniyatlar ochiladi. Shuningdek, Xitoy toliblar uyg‘ur separatistlaridan xalos qiladi degan umidda.
Endilikda Pekin va Moskvaning har biri o‘z o‘yinini o‘ynaydi.
Mavzuga oid
00:26
Qozog‘iston-Rossiya chegarasida avtomobillardan iborat ko‘p kilometrli tirbandlik yuzaga keldi
08:40 / 06.06.2026
Kremlda Putin va Shryoder o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi
22:29 / 05.06.2026
Rossiya yana urushni tanladi - Zelenskiy Putinga javob berdi
20:55 / 05.06.2026