O‘zbekiston | 13:43 / 18.09.2021
7694
2 daqiqa o‘qiladi

Yakkabog‘da to‘rtta maktabda 41 nafar o‘quvchining koronavirusga chalingani ma'lum bo‘ldi. SVV hamon «jim»

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida joylashgan 5-maktabda 31 nafar o‘quvchida koronavirus aniqlangani haqida xabar bergan edik. Bu tumanda yana uchta maktabda jami 10 nafar o‘quvchida koronavirus aniqlangan. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Yakkabog‘ tumani sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi xizmati bo‘limi boshlig‘i Orif Meyliyevning ma'lum qilishicha, Yakkabog‘ tumanidagi 5-maktabda 31 nafar, 2-maktabda 5 nafar, 83-maktabda 1 nafar, 27-maktabda 4 nafar o‘quvchida koronavirus aniqlangan.

Shundan 5-maktabda oltita sinf o‘quvchilarida kasallikka chalinish holati aniqlangani uchun ushbu maktab 15 sentyabrdan 29 sentyabrgacha ikki haftalik karantinga yopilgan. O‘quvchilarning barchasi kasallikni yengil o‘tkazayotgani uchun ular uy sharoitida davolanmoqda.

Qolgan maktablarda faqat kasallik aniqlangan sinflarda o‘quvchilar karantinga olingan va darslar onlayn tashkil etilmoqda.

Ta'kidlanishicha, koronavirus aniqlangan barcha maktablarda, shuningdek kasallikka chalingan o‘quvchilarning xonadonlarida dezinfeksiya ishlari bajarilgan.

Yakkabog‘dagi to‘rtta maktabda jami 41 nafar o‘quvchida koronavirus aniqlanishi SSV har kuni e'lon qilib borayotgan kasallikka chalinish haqidagi hisobotning to‘g‘ri olib borilayotganiga biroz shubha tug‘diradi.

Masalan, SSV hisobotida Qashqadaryoda 13 sentyabrda 9 kishi, 14 sentyabrda 10 kishi, 15 sentyabrda 7 kishi, 16 sentyabrda 10 kishi, 17 sentyabrda 4 kishi kasallikka chalingani ko‘rsatilgan. 15 sentabr kunida Yakkabog‘da 31 nafar o‘quvchi kasallikka chalingani aniqlangan va o‘sha kundan boshlab 5-maktab karantinga yopilgan. 16 sentyabrda yana uchta maktabda 10 nafar o‘quvchida koronavirus aniqlangan va mazkur kasallikni yuqtirgan o‘quvchilar soni 41 nafarga yetgan. Ammo SSV tomonidan 15, 16 va 17 sentabr kunlarida berilgan hisobotda Yakkabog‘da kasallikka chalingan o‘quvchilar kiritilmagan.

Mavzuga oid