Olimlar avvalroq issiqlik yanada ko‘tarilishining oldini olish uchun 2030 yilgacha global uglerod chiqindilarini 45 foizga qisqartirish kerakligini aytishgandi.

Ammo 100dan ortiq mamlakatda olib borilayotgan ishlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, bu muddatga borib atrof-muhitga chiqindi hajmi kamayish o‘rniga, aksincha 16 foizga ortadi.

Bu esa harorat sanoatlashuvdan oldingi davrga nisbatan Tselsiy bo‘yicha 2,7 darajaga ko‘tarilishini ko‘rsatadi - bu daraja xalqaro hamjamiyat tomonidan o‘rnatilgan chegaradan ancha yuqoridir.

«Chiqindilar hajmi 16 foizga oshishi tashvishlanish uchun keragidan ortiq sababdir», deydi BMTning iqlim masalalari bo‘yicha bosh muzokarachisi Patrisiya Espinosa.

«Bu olimlarning juda jiddiy iqlimiy oqibatlarning oldini olish uchun chiqindilarni tez, barqaror ravishda va keng ko‘lamda qisqartirish ishlarini olib borishga chaqiriqlariga mutlaqo mos kelmaydigan holatdir», deydi u.

Uglerod chiqindilari sayyorada iqlim isishiga olib keladi / EPA

BMTning muammoning tahdidli miqyosi haqidagi ogohlantirishi noyabr oyida Glazgoda bo‘lib o‘tadigan iqlim konferensiyasi arafasida yangramoqda.

Ushbu muhim tadbirning asosiy maqsadi - Parij kelishuvi ishtirokchi-davlatlarini o‘z chiqindilarini yanada keskin qisqartirishga ishontirish orqali global harorat ko‘tarilishini cheklash bo‘yicha rejalarni qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi.

Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij kelishuviga ko‘ra, mamlakatlar uglerod chiqindilarini qisqartirish bo‘yicha rejalarini har besh yilda yangilashi va normalar bosqichma-bosqich kuchaytirib borilishi kerak.

Ammo BMTning ma'lum qilishicha, kelishuvni imzolagan 191 davlatdan faqat 113tasi chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha keyingi rejalari haqida e'lon qilgan.

BMTning iqlim bo‘yicha konferensiyasida ishtirok etuvchi britaniyalik vazir Alok Sharma ambitsiyali rejalari bo‘lgan ayrim davlatlar endilikda ulardan voz kechishga moyillik bildirayotgani haqida gapirdi.

«Ammo barcha mamlakatlar, ayniqsa yirik iqtisodiyotga ega mamlakatlarning birgalikdagi harakatisiz shu vaqtgacha qilingan sa'y-harakatlar behuda ketishi xavfi tug‘iladi», deydi Alok Sharma.