Demokratiyaning asosiy tamoyilaridan biri bu saylov erkinligi ekanligi ayni haqiqatdir. Har bir fuqaro nafaqat o‘z hayot yo‘lini mustaqil va erkin ravishda tanlay olishi bilan birga jamiyatning barcha a'zolari qatori davlat va jamiyat hayotining eng muhim masalalarini hal qilishda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishi zamonaviy davlatning qay darajada demokratik ko‘rinishda shakllanganligini ko‘rsatadi.
Zero, saylovlar vositasida hokimiyatning turli organlari shakllantiriladi. Jumladan, O‘zbekistonda ham fuqarolar tomonidan mamlakat Prezidenti, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, mahalliy Kengashlar deputatlari bevosita saylanadi.
Jamiyatda aynan saylov jarayonlari orqali siyosiy kuchlar shakllanadi, tanlangan siyosiy yo‘lning jamoatchilik manfaatlari uchun qanchalik mos kelishi namoyon bo‘ladi, shu bilan birga saylov jarayonlari fuqarolarning siyosiy madaniyati qay darajada yuksalganligini ham belgilab beradi.
Erkin va adolatli saylovlar – demokratik tizimning eng asosiy mohiyati va mexanizmi bo‘lib, xalq hokimiyatchiligi, fuqarolarning siyosiy boshqaruv tizimida ishtirok etishi prinsipini amalda ta'minlash usullaridan biridir.
Mamlakat prezidentligiga bo‘lib o‘tayotgan bu galgi saylov, albatta, bu birinchisi emas, ya'ni avvallari ham bo‘lib o‘tgan. Biroq, bu saylovga tayorgarlik ko‘rish, uni o‘tkazishni tashkil etish jarayonlarini kuzatar ekanmiz, unda yangicha ochiqlik, oshkoralik, demokratiya ruhining namoyon bo‘layotganligini yaqqol sezamiz.
Tashkiliy nuqtayi nazardan qaraganda saylov murakkab va ko‘p bosqichli jarayondir. Bugungi kunda O‘zbekistonda Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rishning ayrim bosqichlari yakunlandi yoki yakunlanish arafasida. Bu esa saylov kampaniyasining sifati va salmog‘i to‘g‘risida dastlabki xulosalarni chiqarish imkoniyatini beradi.
Saylov komissiyalari faoliyatining ochiqligi, ommaviy axborot vositalarida saylov jarayonlari qanday o‘tayotganligi keng va tushunarli darajada yoritib borilayotganligi, saylov ishtirokchilariga yaratilayotgan teng imkoniyatlar – yangi O‘zbekistonda yangicha muhit shakllanganligini ko‘rsatmoqda.
Xususan, xalqaro hamjamiyat O‘zbekistonda tashkil etilgan Prezident saylovining qonuniyligi va xalqaro demokratik andozalarga to‘la muvofiq ekanligini e'tirof etmoqda. Mamalakatimizga kuzatuvchi sifatida saylovlarda ishtirok etish uchun tashrif buyurgan va kelishi kutilayotgan kuzatuvchilar sonining ko‘pligi ham shundan dalolat bermoqda.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi saylovlarni kuzatish uchun o‘zining ko‘p sonli missiyasini mamlakatimizga yuborganligi yuqori siyosiy bahoga loyiqdir.














